O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbarini qabul qildi
Noyabr 19, 2026. 19:42 • 2 daq
• 116
TOSHKENT, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun o‘smirlar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha jahon chempionati munosabati bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizerni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda ushbu nufuzli federatsiya bilan milliy dzyudo maktabini rivojlantirish va yosh sportchilarni tayyorlash borasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Toshkent jahonning nufuzli dzyudo markazlaridan biriga aylanib borayotgani ta’kidlandi. So‘nggi uch yilda mamlakatimizda 4 ming nafardan ziyod sportchi ishtirokida 10 ta xalqaro musobaqa o‘tkazildi. Joriy yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati esa ilk bor O‘zbekistonda tashkil etilmoqda.
Marius Vizer yurtimizda sportni rivojlantirish va yoshlarni sportga keng jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
O‘zbekistonda yirik xalqaro musobaqalarni o‘tkazish, milliy terma jamoani Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash, mamlakatimizda yaratilgan zamonaviy sport infratuzilmasi negizida sportchilar, murabbiylar va hakamlarni tayyorlash hamda sport tibbiyoti sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati 19-22-noyabr kunlari Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida bo‘lib o‘tadi. Unda 78 mamlakatdan 600 nafarga yaqin yosh sportchi bellashmoqda. Musobaqalarga xorijiy mamlakatlarning yuqori darajadagi delegatsiyalari ham kelgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi