O‘zbekiston va Qirg‘iziston ekspertlari Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘ziga xosligi masalalarini muhokama qildi

Iyul 23, 2026. 11:30 • 4 daq

117
O‘zbekiston va Qirg‘iziston ekspertlari Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘ziga xosligi masalalarini muhokama qildi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston ekspertlari Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘ziga xosligi masalalarini muhokama qildi

BISHKEK, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. 22-iyul kuni Bishkekda O‘zbekiston delegatsiyasining Qirg‘izistonga tashrifi dasturi doirasida Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘ziga xosligini shakllantirish va mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar seminari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda asosiy eʼtibor Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘ziga xosligini shakllantirish va mustahkamlash konsepsiyasi loyihasini muhokama qilishga qaratildi.

Tadbir O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti (MSTI) hamda Shveysariyaning “PeaceNexus” jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.

SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akromjon Neʼmatov Markaziy Osiyo bugungi kunda o‘z taraqqiyotining sifat jihatidan yangi tarixiy bosqichiga qadam qo‘yganini taʼkidladi. Bu bosqich ishonchning misli ko‘rilmagan darajada mustahkamlanishi, o‘zaro bog‘liqlikning kengayishi va davlatlar o‘rtasidagi to‘siqlarning izchil bartaraf etilishi bilan ifodalanadi.

Akromjon Neʼmatov erishilgan yuksak darajadagi hamjihatlik, jipslik va ahil qo‘shnichilik butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun fundamental omil bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, global beqarorlik sharoitida Markaziy Osiyoning roli mustahkamlanib, uning xalqaro maydondagi subyektligi ortib borayotgani jahon arenasida salmoqli raqobat ustunligiga aylanmoqda.

Shu bilan birga, ushbu transformatsiyalarning asosiy mazmuni mintaqaning o‘zida mustahkam tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda mujassam ekani taʼkidlandi. Ochiq chegaralar, qo‘shma iqtisodiy loyihalar, transport yo‘laklari va madaniy muloqot kundalik hayotda yangi imkoniyatlar ochayotgani bois Markaziy Osiyo xalqlari mintaqaviy yaqinlashuvning asosiy benefitsiarlari bo‘lib qolmoqda.

Akromjon Neʼmatovning fikricha, bu ijobiy tendensiyalar ortga qaytmas tus olishi uchun erishilgan kelishuvlarning uzoq muddatli bo‘lishini taʼminlash o‘ta muhimdir. Mintaqa rivojlanishining barqarorligi yaqinlashuv jarayonlari jamiyatning o‘zi tomonidan qay darajada chuqur qo‘llab-quvvatlanishiga bog‘liq.

Shu munosabat bilan mintaqaviy o‘ziga xoslikni faol mustahkamlash, butun makon taqdiri uchun daxldorlik va birdamlik masʼuliyati hissini kuchaytirish zarur. Bu jarayonning amaliy maʼnosi oddiy haqiqatni aniq anglashdan iborat: har qanday qo‘shni mamlakatdagi tinchlik, xavfsizlik va iqtisodiy farovonlik mintaqadagi har bir davlatning ravnaqini bevosita belgilab beradi.

Shu bilan birga, mintaqaviy o‘ziga xoslik milliy mansublik yoki suverenitetga zid kelmasligi yoxud uni zaiflashtirmasligi, aksincha, ularni uyg‘un ravishda to‘ldirishi alohida taʼkidlandi. Ishtirokchilar uning shakllanishining asosiy poydevori sifatida umumiy tarixiy-madaniy va sivilizatsion makonga mansublik, mintaqa xalqlari uchun umumiy bo‘lgan qadriyatlar hamda kelajakka oid mushtarak qarashlarni qayd etdi.

Tadbir qatnashchilari Bishkekdagi seminar avvalroq Toshkent va Farg‘ona vodiysida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan ekspert munozaralari turkumini uzviy davom ettirayotganini taʼkidladi. Bunday tadbirlarni Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham o‘tkazish rejalashtirilgan. Bunda Konsepsiyani ishlab chiqish jarayoni inklyuziv xarakterga ega: hujjat boshidanoq mintaqaning barcha mamlakatlari to‘plagan tajriba, milliy manfaatlar va umumiy rivojlanish maqsadlarini aks ettiruvchi qo‘shma intellektual mahsulot sifatida yaratilmoqda.

Ish jarayonida ekspertlar tashkilotchilar tomonidan taklif etilgan keng ko‘lamli dolzarb mavzularni batafsil ko‘rib chiqdi.

Xususan, ishtirokchilar mintaqaviy o‘ziga xoslikning mohiyati va ahamiyatini tahlil qildi, “Markaziy Osiyolik” obrazining zamonaviy qiyofasi va unga asos bo‘la oladigan fundamental qadriyatlarni muhokama etdi. Xalqaro tajribani mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda moslashtirish, o‘ziga xoslikni mustahkamlashga xizmat qiladigan omillarni aniqlash, shuningdek, potensial xatarlar, nozik jihatlar va axborot to‘siqlarini tahlil qilishga alohida eʼtibor berildi.

Ishtirokchilar natijalarga erishish uchun sohalarni izlash, mintaqa aholisida daxldorlik hissini kuchaytirishga qaratilgan mexanizm va loyihalarni ishlab chiqish hamda o‘ziga xoslikning shakllanish dinamikasini monitoring qilish masalalariga eʼtibor qaratdi.

Muhokamalar davomida ekspertlar taqdim etilgan loyihani to‘la qo‘llab-quvvatlab, Konsepsiyani mintaqaning barcha mamlakatlari uchun qo‘shma intellektual mahsulotga aylantirish zarurligini taʼkidladi. Ishtirokchilar mintaqaviy o‘ziga xoslik akademik mobillik, chegaraoldi hamkorlik, kreativ sanoat va ekologik tashabbuslarni rivojlantirish orqali amaliy mazmun bilan boyitilishi kerak, degan yakdil fikrga keldi. Bu yaqinlashuv jarayonlarini har bir fuqaro uchun yana-da yaqin va tushunarli qilish imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish