Ozarbayjonda o‘zbek shoirining kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Iyul 23, 2026. 10:00 • 2 daq

133
Ozarbayjonda o‘zbek shoirining kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Ozarbayjonda o‘zbek shoirining kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Ozarbayjonda o‘zbek shoirining kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Ozarbayjonda o‘zbek shoirining kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

BOKU, 23 iyul. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonda o‘tkazilgan Turkiy dunyo ijodkorlarining 2-festivali doirasida taniqli o‘zbek shoiri Shuhrat Orifning ozarbayjon tilida nashr etilgan “Maktubdir umrim” nomli kitobi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu festival Ag‘dam shahridagi Mug‘om markazida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) tashabbusi bilan tashkil etildi. Tadbirda Dunyo yosh turk yozuvchilari birligi raisi, shoir va publitsist Intiqom Yashar, TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Salim Babullao‘g‘li ishtirok etdi.

Shuningdek, uchrashuvda Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti rektori Muso Kozim Arijan, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammed Enes Kala, Turkmaniston Madaniyat vazirligi vakili Akmurod Rajabov hamda turkiy dunyoning turli davlatlaridan tashrif buyurgan adabiyot va madaniyat namoyandalari ham qatnashdi.

So‘zga chiqqanlar Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalar so‘nggi yillarda yana-da rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi. Xususan, Shuhrat Orif ijodining ozarbayjon kitobxonlariga taqdim etilishini ikki qardosh xalqning mushtarak maʼnaviy qadriyatlarini targ‘ib etish yo‘lidagi muhim voqea sifatida baholadi.

Ijodkorlar mazkur nashr turkiy dunyoning adabiy integratsiyasi, o‘zaro tarjima anʼanalarining boyishi va madaniy hamkorlikning kengayishiga katta hissa qo‘shishini qayd etdi.

“Maktubdir umrim” kitobi Ozarbayjondagi Dunyo yosh turk yozuvchilari birligi hamda “Hududiy huquqiy va iqtisodiy maʼrifat” jamoat birlashmasining hamkorlikdagi loyihasi doirasida tayyorlangan.

Loyihaning asosiy maqsadi turkiy dunyoning mushtarak maʼnaviy merosini targ‘ib qilish, Ozarbayjon–O‘zbekiston adabiy aloqalarini yana-da mustahkamlash, zamonaviy o‘zbek sheʼriyatini ozarbayjon kitobxonlariga tanishtirish hamda turkiy xalqlar o‘rtasidagi adabiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Taqdimot marosimida Shuhrat Orif ijodi haqida batafsil maʼlumot berildi, kitobdan namunalar o‘qildi hamda ushbu nashr turkiy dunyoning madaniy hayotiga munosib hissa ekani alohida eʼtirof etildi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar muallifni samimiy tabriklab, mazkur kitob Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida yangi adabiy loyihalar hamda madaniy hamkorlikning yana-da rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish