Iordaniyada O‘zbekiston Prezidenti asarining arab tilidagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Noyabr 19, 2026. 15:00 • 3 daq
• 303AMMAN, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. Iordaniya poytaxtida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli asarining arab tilidagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan mazkur xalqaro tadbirda Iordaniya parlamenti a’zolari, davlat va jamoat arboblari, siyosatchilar, olimlar, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotning asosiy maqsadi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatning taraqqiyot strategiyasi, ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Asarda “Davlat – inson uchun” va “Inson qadri uchun” tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakat taqdiridagi tarixiy burilish hamda davlat va jamiyat tafakkurining tubdan yangilanish jarayonlariga alohida e’tibor qaratilgan.
Olti bob va xotimadan iborat ushbu kitobda milliy davlatchilikni mustahkamlash, iqtisodiy salohiyatni yuksaltirish, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish, inson qadrini ulug‘lash hamda tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash masalalari keng yoritilgan. Kitob arab, ingliz, italyan, rus va urdu tillariga tarjima qilingan.
“Tarix sinovlaridan o‘tgan haqiqat shuki, o‘zini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan, vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir. Men ana shunday ulug‘ e’tiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar bo‘lib, xizmat qilishni o‘zim uchun ulkan sharaf va mas’uliyat deb bilaman”, – deb yozgan O‘zbekiston yetakchisi o‘z asari epigrafida.
Ammandagi uchrashuvlar doirasida Yangi O‘zbekistonning tarixi, bugungi taraqqiyoti va kelajak maqsadlarini aks ettiruvchi arab tilidagi 9 ta kitob va kitob-albom ham taqdim etildi.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston: sivilizatsiyalar, shaxsiyatlar, kashfiyotlar” kitoblar ko‘rgazmasi, “Movarounnahr – asrlar osha taralgan islom sivilizatsiyasi ziyosi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro taqdimoti tashkil etildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi, Xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Iordaniya Jahon islom ilmlari va ta’lim universiteti prezidenti Ja’far al-Mag‘ribiy al-Fanatisa, yurtimizning Iordaniyadagi elchisi Nodirjon To‘rg‘unov, shuningdek, ikki mamlakatning nufuzli davlat va jamoat arboblari, olimlari hamda diniy soha vakillari – jami 1500 nafardan ziyod kishi qatnashdi.
“Shavkat Mirziyoyev – jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi”, “Yangi O‘zbekiston: tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik diyori”, “Mustaqillik zafarnomasi” kitob-albomlari, “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” hamda “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” asarlari Iordaniya kutubxonalariga sovg‘a qilindi.
Ammanda o‘tkazilgan xalqaro tadbirlar O‘zbekistonning boy tarixiy, ilmiy va islomiy merosini jahonga keng targ‘ib etish, Yangi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlash, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



