Toshkent shahrida madaniy an'analar va milliy taomlar festivali bo'lib o'tdi
Sentabr 28, 2025. 13:52 • 4 daq
• 715
TOSHKENT, 29-sentyabr /"Dunyo" AA/. Toshkentda XXI Madaniy an'analar va milliy taomlar xayriya festivali bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur festival O'zbekistonda istiqomat qilayotgan xalqlarni birlashtiradi va mamlakat aholisini dunyo oshxonasi va madaniyatining xilma-xilligi bilan tanishtiradi. An'anaga aylangan tadbir O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat ko'rsatish byurosi ko'magida o'tkazildi. Joriy yilgi festivalda O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan 20 dan ortiq diplomatik missiya vakillari ishtirok etdi. Elchixona xodimlari o'z mamlakatlarining milliy taomlari va ekzotik noz-ne'matlari bilan mehmonlarni siylab, o'z oshpazlik mahoratlarini namoyish etdilar.
Festival do'stlik va o'zaro hurmat muhitida bo'lib o'tdi. Mehmonlar nafaqat noyob taomlardan tatib ko'rish, balki ularni tayyorlash jarayonida shaxsan ishtirok etish, turli xalqlarning madaniy an'analari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Konsert dasturiga alohida e'tibor qaratildi: tomoshabinlar milliy raqslar, musiqa va an'anaviy liboslar namoyishi bilan yorqin chiqishlarni ko'rdilar, bu haqiqiy bayram kayfiyatini yaratdi. Ta'kidlash joizki, taomlar savdosi va homiylik badallaridan yig'ilgan barcha mablag'lar O'zbekiston mehribonlik uylariga xayriya tashabbusining bir qismi sifatida yo'naltiriladi.
Festivalning ochilish marosimida O'zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Bahromjon A'loyev, O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi raisi Qahramon Sariyev va Diplomatik korpusga xizmat ko'rsatish byurosi direktori Oybek Egamberdiyev so'zga chiqdi.
Muhammadali Iskandariy, Eron elchisi:
– O'zbekistonni ushbu muhim tadbirni tashkil etgani bilan tabriklayman. Bu turli mamlakatlar xalqlari o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlash uchun ham katta ahamiyatga ega.
Tadbir tinchlik va hamjihatlik muhitida birga bo'lish, muloqot qilish va bir-birini yaxshiroq bilish imkoniyati hamdir.
Men tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Biz, Eron vakillari, O'zbekiston xalqini qo'llab-quvvatlashimizni ko'rsatish uchun faol ishtirok etdik.
Siti Ruhaini Juhayatin, Indoneziya elchisi:
– O'zbekiston hukumatini ushbu festivalga mezbonlik qilgani bilan tabriklayman. Bu butun dunyo xalqlarini birlashtirgan juda muhim va ajoyib voqea bo'ldi.
Festivalning xayriya yo'nalishini alohida ta'kidlamoqchiman. Barcha tushum xayriya ishlariga yo'naltiriladi, bu O'zbekistondagi birodarlarimiz va opa-singillarimizga yordam berish uchun ajoyib g'oya.
Taassurotlarim bilan o'rtoqlashmoqchiman. Men bu yurtning turli hududlarida bo'lib, xalqingizning ahilligi, mehr-oqibati, tinchlik sevarligini his qildim. O'zbekistondek tinch va go'zal yurtda ekanligimdan xursandman va o'zimni baxtiyor, deb bilaman.
Daniel Kristian Chobanu, Ruminiya elchisi:
– Ushbu tadbirda ishtirok etish men uchun katta sharaf. Ruminiya elchixonasi mazkur festivalda har yili qatnashadi. Biroq, bu yil biz uchun alohida ahamiyatga ega. Negaki, 6-oktyabr kuni Ruminiya va O'zbekiston o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganining 30 yilligi nishonlanadi. Ruminiya uchun O'zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish Markaziy Osiyodagi ustuvor yo'nalishlaridan biridir.
Har doimgidek bu tadbir ham yuqori saviyada tashkil etildi. Tashqi ishlar vazirligi va Diplomatik korpusga xizmat ko'rsatish byurosini yuqori darajadagi tashkilotchilik bilan tabriklayman. Ishonchim komilki, mazkur tadbir xalqlarimiz o'rtasidagi chinakam do'stlik ko'prigi bo'lib, o'zaro munosabatlarning mustahkamlanishiga hissa qo'shadi.
Bu, shuningdek, diplomatlar va o'zbek xalqi bilan muloqot qilish uchun ajoyib imkoniyatdir. Menimcha, festival Ruminiya madaniyati, urf-odatlari va oshxonasi haqida ko'proq ma'lumot olish uchun yaxshi imkoniyat bo'ldi.
Syue Lyan, Xitoy elchixonasining madaniy ishlar bo'yicha maslahatchisi:
– Xitoy elchixonasi har doim ushbu festivalda faol ishtirok etadi. Bu yilgi ko'rgazmamiz Oy bayramiga bag'ishlangan.
"Chjunsyusze" bayrami doirasida biz nafaqat Xitoy milliy taomlarini, balki musiqa va raqslarini, choy marosimini va boshqa madaniy dasturlarni ham taqdim etdik. Xitoyning sayyohlik imkoniyatlari haqidagi materiallar ham mehmonlarga taqdim etildi.
Ishonchim komilki, ushbu madaniy almashinuv mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlik, o'zaro anglashuv va do'stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirning asosiy maqsadi bolalarga yordam berish uchun mablag' yig'ishdir. Ayniqsa, qo'shma tashabbusimiz O'zbekistondagi bolalarni qo'llab-quvvatlashidan mamnunmiz, bu esa festivalga alohida ahamiyat va e'tibor baxsh etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




