Turkiyaning Maltepa qamoqxonasidagi hamyurtlarga konsullik yordami ko‘rsatildi
Mart 10, 2026. 14:57 • 2 daq
• 71
ISTANBUL, 10-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Turkiyaning Maltepa shahrida joylashgan yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasasiga navbatdagi konsullik tashrifini amalga oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Turkiya hududida turli jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib yoki hukm qilinib, mazkur muassasada saqlanayotgan 63 nafar O‘zbekiston fuqarosi bilan yakka tartibda konsullik suhbatlari o‘tkazildi.
Diplomatlar fuqarolarimizning yashash sharoitlari, oziq-ovqat ta’minoti va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdi. Mahkumlarning yaqin qarindoshlari bilan telefon orqali muloqot qilish tartibi o‘rganilib, ularga Turkiya qonunchiligida belgilangan huquq va majburiyatlari yuzasidan batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi.
Suhbatlar davomida o‘ta og‘ir jinoyatlar, jumladan, qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik, narkotik moddalar savdosi, firibgarlik va terroristik tashkilotlarni moliyalashtirish kabi ayblovlar bilan uzoq muddatli yoki umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan shaxslarning ham muammolari tinglandi.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda bloggerlik faoliyati bilan shug‘ullanib, keyinchalik qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslar hamda kontent tayyorlash jarayonida ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etgan yoshlar bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.
Tizimli ravishda amalga oshirilayotgan bunday tashriflar nafaqat vatandoshlarning ahvolini o‘rganish, balki jazoni ijro etish muassasasi mas’ullari tomonidan hamyurtlarimizga nisbatan insoniy munosabatning ijobiylashishiga ham xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi