Vladivostokda “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida tadbir o‘tkazildi
Mart 10, 2026. 15:59 • 2 daq
• 46VLADIVOSTOK, 10-mart. /“Dunyo” AA/. Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan Rossiyaning Vladivostok shahridagi vatandoshlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Primorsk o‘lkasida mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz, talaba yoshlar, o‘zbek milliy-madaniy markazi faollari va mahalliy musulmonlar jamiyati vakillaridan iborat 220 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
Iftorlik avvalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan maxsus yuborilgan Andijon shahridagi “Xonaqa” masjidi imom-xatibi Zuhrobiddin Olimov hamda Bosh konsulxona diplomatlari so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni fazilatli oy bilan qutladi. Ishtirokchilarga davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik namunalari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Vatandoshlar turli ekstremistik oqimlar va yot g‘oyalar ta’siridan ogoh bo‘lishga, milliy o‘zlik, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylashga hamda diniy bag‘rikenglik tamoyillariga amal qilishga chaqirildi. Talabalar va mehnat muhojirlari o‘zlarini qiziqtirgan diniy-ma’rifiy savollarga imom-xatibdan batafsil javoblar oldi.
Tadbir yakunida Qur’on tilovat qilinib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi uchun duolar qilindi. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan iftorlik ishtirokchilari xorijda bo‘lishiga qaramay, o‘zlarini Vatan mehri va e’tiborida his qilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


