Nukus shahrida kuvaytlik shifokorlarning tibbiy xayriya loyihasi amalga oshirildi
Mart 10, 2026. 14:49 • 2 daq
• 56
AL-KUVAYT, 10-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Xalqaro islom xayriya tashkiloti (IICO) boshqaruv raisi Jamol al-Nuri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbek diplomatlari muloqot avvalida Jamol al-Nurini ushbu tashkilot rahbari etib tayinlangani munosabati bilan qutladi. Suhbat davomida IICOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tildi.
Jamol al-Nurining bildirishicha, Kuvayt xukumatining yangi talablariga ko‘ra, hozirda xayriya tashkilotlarining xorijdagi ayrim bo‘linmalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va qisqartirish jarayoni ketmoqda. Shu sababli, IICO tomonidan Toshkentdagi bo‘linma faoliyati yuzasidan Kuvaytning tegishli idoralari xulosalari kutilmoqda.
Suhbat davomida Jamol al-Nuri Kuvaytdagi xayriya tashkilotlarining moliyaviy imkoniyatlari avvalgi yillarga nisbatan biroz cheklanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim moliyalashtirish manbalari qisqargani sababli xayriya tashkilotlari hozirda loyihalarni yanada ehtiyotkorlik bilan tanlashga harakat qilmoqda.
Shu bois katta loyihalardan ko‘ra, avval kichik hajmdagi xayriya tashabbuslarini amalga oshirib, bosqichma-bosqich yirik loyihalarga o‘tish amaliyoti qo‘llanilishi maqsadga muvofiqligini aytildi.
Uchrashuv davomida Jamol al-Nuri rahbarligidagi “Shayx Abdulloh an-Nuri” xayriya tashkiloti homiyligida Kuvaytning “HOPE” guruhi tomonidan 2025-yilda Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilgan tibbiy xayriya loyihasi ahamiyati haqida fikr bildirilib, ushbu ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirildi.
2025-yilning 1–5-may kunlari “Shayx Abdulloh an-Nuri” tashkiloti homiyligida Kuvaytning “HOPE” guruhi tomonidan Nukus shahridagi
6 ta tibbiyot muassasasida 420 nafar bemor uchun 253 ta tibbiy muolaja va 36 ta jarrohlik amaliyotlari xayriya tarzida o‘tkazilgan edi.
Joriy yilda ham mazkur xayriya tashabbusining keyingi bosqichini Qoraqalpog‘istonda amalga oshirish, may–iyun oylarida kuvaytlik shifokorlar guruhining Nukus shahriga tashrifiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi