Logo

Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida ochiq muloqot va iftorlik tadbirlari tashkil etildi

Mart 10, 2026. 08:10 • 3 daq

309

XABAROVSK, 10-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari va Migratsiya agentligi vakillari Xabarovsk o‘lkasiga amaliy tashrif bilan bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad iftorlik tadbirlarini o‘tkazish, mintaqada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuvlar o‘tkazish, konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish uchun sayyor qabullar tashkil etishdan iborat bo‘ldi.

Xususan, Komsomolsk-Amur va Xabarovsk shaharlarida yo‘l qurilishi, umumiy ovqatlanish, turar joy va noturar joy obyektlari bunyod etilishida ishlayotgan yurtdoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvlar “RimStroy”, “Ye-Stroy”, “Master Plit Stroy”, “Sever Stroy” korxonalarida bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashkilotlar rahbariyati bilan ham muzokaralar amalga oshirildi.

Uchrashuvlar davomida hamyurtlarning mehnat va yashash sharoitlari, ovqatlanishni tashkil etish, ish haqini o‘z vaqtida to‘lash va mehnat huquqlariga rioya qilish masalalari o‘rganildi.

Vatandoshlarga Bosh konsulxona faoliyati, fuqarolar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Diniy shiorlarni niqob qilib olib, radikal g‘oyalarni tarqatishga va odamlarni g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarga jalb etishga urinayotgan ekstremistik va xalqaro terrorchilik tashkilotlari faoliyatiga fuqarolar jalb etilishining oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Fuqarolardan ushbu davlat qonunchiligiga rioya qilish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, O‘zbekiston madaniyatini munosib namoyon etish so‘raldi.

Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xorijdagi vatandoshlarni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy qo‘llab-quvvatlash, xavfsiz migratsiyani taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berildi.

Ish beruvchilar bilan muzokaralar chog‘ida kompaniyalar vakillari bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi va malakali mutaxassislarga ehtiyoj borligini maʼlum qildi. Tomonlar ishchi kuchi tanqisligini to‘ldirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini jalb qilishni davom ettirishga kelishib oldi.

Shuningdek, korxona vakillariga O‘zbekiston fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirishning amaldagi tartibi, O‘zbekiston Migratsiya agentligi va xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlik imkoniyatlari haqida maʼlumot taqdim qilindi.

Tashrif doirasida Xabarovsk o‘lkasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari uchun sayyor qabul tashkil etildi. Qabul davomida 42 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi. Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilib, aksariyat muammolar joyida hal etildi, ayrim murojaatlar qo‘shimcha nazoratga olindi. Baʼzi masalalar Rossiya huquq-tartibot idoralariga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

Xizmat safari davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha mahalliy advokat Alyona Oleshchuk bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sudgacha bo‘lgan bosqichda va sud jarayonida O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida mintaqada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga malakali yuridik yordam ko‘rsatish maqsadida hamkorlik qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish