Diplomatlar Barnauldagi o‘zbekistonlik talabalarning o‘qish sharoiti bilan tanishdi

May 22, 2026. 09:55 • 2 daq

173
Diplomatlar Barnauldagi o‘zbekistonlik talabalarning o‘qish sharoiti bilan tanishdi
Diplomatlar Barnauldagi o‘zbekistonlik talabalarning o‘qish sharoiti bilan tanishdi
Diplomatlar Barnauldagi o‘zbekistonlik talabalarning o‘qish sharoiti bilan tanishdi
Diplomatlar Barnauldagi o‘zbekistonlik talabalarning o‘qish sharoiti bilan tanishdi

BARNAUL, 22-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Barnaul shahrida Oltoy o‘lkasining yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda Oltoy davlat universiteti, shuningdek, o‘lkaning pedagogika, texnika, tibbiyot va agrar davlat universitetlari rahbarlari ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida Barnaul oliygohlarida turli yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olayotgan 320 nafardan ziyod o‘zbekistonlik talabalarning o‘qish jarayoni, ular duch kelayotgan turli muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.

Rossiya tomoni o‘zbekistonlik talabalar sonini, ayniqsa, tibbiyot, muhandislik, biotexnologiya va agrar sohalarda yanada ko‘paytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Oltoy davlat universiteti rektori Sergey Bocharov oliygohda 210 nafar o‘zbekistonlik talaba va magistrant tahsil olayotgani, O‘zMU, Samarqand va Buxoro davlat universitetlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilganini maʼlum qildi.

Rektor Samarqandda universitetning vakolatxona markazi faoliyat yuritayotgani, O‘zMU bilan akademik mobillik va tilshunoslik bo‘yicha qo‘shma dasturlar ishlab chiqilayotganini taʼkidladi. U O‘zbekistonning jadal rivojlanishini hisobga olib, Nukus shahrida Oltoy davlat universiteti filialini ochish masalasi ham to‘xtalib o‘tdi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni Toshkent davlat agrar universiteti hamda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti negizida gidrologiya, irrigatsiya, tuproqshunoslik, issiqxona xo‘jaligi va veterinariya yo‘nalishlarida qo‘shma maʼruzalar tashkil etishni taklif qildi.

Tashrif doirasida Bosh konsul Barnaulda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashdi. Samimiy tarzda kechgan muloqotda vatandoshlar o‘qishi, yashash sharoitlari haqida maʼlumot berdi. Shu bilan birga, ichki ishlar bo‘limlarida ro‘yxatdan o‘tishni soddalashtirish, yozgi amaliyotni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha tashkil etish va yotoqxona sharoitlarini yaxshilash borasida o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.

Ochiq muloqot davomida talabalar tomonidan ko‘tarilgan bir qator muammolar Bosh konsulning aralashuvi bilan bevosita uchrashuvning o‘zida hal etildi. Xususan, ayrim talabalarning yozgi imtihon sessiyasiga kiritmaslik va fanlarni qayta topshirish masalasi ijobiy hal etildi.

Oliygohlar tomonidan talabalarni vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yish bo‘yicha ichki ishlar idoralariga zudlik bilan vositachilik xatlari chiqishi taʼminlandi. Xalqaro munosabatlar yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalardan biriga yozgi amaliyotni O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasida o‘tash imkoniyati yaratib berildi.

Uchrashuvda vatandoshlar bilan munosabatlarni yanada yaqinlashtirish maqsadida “VKontakte” va “Telegram” ijtimoiy tarmoqlarida “Barnaul talabalari – Bosh konsulxona” maxsus muloqot guruhlari ochildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish