Maxachqalʼadagi vaqtinchalik saqlash markazida bo‘lib turgan vatandoshlar holidan xabar olindi
May 20, 2026. 09:25 • 2 daq
• 205MAXACHQALʼA, 20-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari vatandoshlarimizning murojaatlarini o‘rganish, mintaqaning vakolatli idoralari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida Dog‘istonga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Ichki ishlar vazirligining Dog‘iston Respublikasi bo‘yicha Migratsiya masalalari boshqarmasi, Maxachqalʼa shahridagi Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazi rahbariyati, shuningdek, tegishli bo‘linmalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, tezkor hamkorlik va axborot almashish mexanizmlarini takomillashtirish, Maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan fuqarolarni vatanga qaytarish tartib-taomillarini jadallashtirish masalalarini muhokama qildi.
Muloqot davomida hamkorlikning keyingi mexanizmlari, jumladan, O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxona bilan doimiy hamkorlik qilish uchun masʼul xodimni biriktirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Diplomatlar, Maxachqalʼa shahridagi Vaqtincha saqlash markazida konsullik sayyor qabulini o‘tkazdi. Qabul doirasida O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv va suhbatlar tashkil etildi.
Vatandoshlar bilan muloqot chog‘ida mavjud muammo va murojaatlar o‘rganilib, zarur konsullik-huquqiy maʼlumotlar taqdim etildi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xorijdagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash choralari hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida davlat tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuv yakunida 24 nafar O‘zbekiston fuqarosini amaldagi qonunchilik doirasida vatanga qaytarish jarayonlarini tezlashtirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






