O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi Maldiv orollarida murakkab vaziyatda qolgan vatandoshga konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatdi
Mart 17, 2026. 12:37 • 2 daq
• 304
DEHLI, 17-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi (uning konsullik okrugiga Maldiv Respublikasi ham kiradi) Maldiv orollarida mehnat faoliyatini amalga oshirish davomida murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan U.Sh. ismli fuqaromizni vatanga qaytarish jarayonini muvaffaqiyatli yakunladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Diplomatik vakolatxonaning tezkor harakatlari natijasida vatandoshimizga barcha zarur bo‘lgan konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatildi. Xususan, diplomatlar fuqaroning huquqiy maqomini tartibga solish va uning Maldiv orollaridan chiqib ketishini tashkil etish maqsadida mahalliy vakolatli organlar bilan muzokaralar olib bordi.
Yurtdoshimiz 2026-yil 15-mart kuni elchixona ko‘magida sog‘-omon vatanga qaytarildi.
Shu munosabat bilan, elchixona chet elda (jumladan, Hindiston va Maldiv orollarida) mehnat faoliyatini rejalashtirayotgan yoki amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini quyidagi qoidalarga qat’iy rioya qilishga chaqiradi:
- mehnat faoliyatini faqat rasmiy mehnat shartnomasi va tegishli ishchi vizasi asosida amalga oshirish;
- borilayotgan mamlakatning mehnat qonunchiligi va boshqa qoidalari bilan oldindan tanishib chiqish;
- xorijiy davlatga yetib borgach, konsullik ro‘yxatiga turish (bu favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatishni sezilarli darajada osonlashtiradi);
- pasport va boshqa shahsiy hujjatlarning asl nusxalarini ish beruvchilarga yoki uchinchi shaxslarga “saqlash uchun” topshirmaslik.
Elchixona favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan, shaxsiy huquqlar buzilgan yoki maslahat olish zarur bo‘lgan hollarda mamlakatimizning Dehlidagi diplomatik missiyasi Konsullik bo‘limiga zudlik bilan murojaat qilishni so‘raydi.
Manzil: EP-40, Dr. S. Radhakrishnan Marg, Chanakyapuri, New Delhi - 110021
Telefonlar: +91 11 2467 0774/75, +91 94994 85962
Telegram-bot: @consuluzbindia_bot
E-mail: in.uzembassy@mfa.uz va info.uzbekembassy@gmail.com
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi