Logo

O‘zbekiston Prezidenti va Bahrayn Podshohi o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tdi

Mart 04, 2026. 19:45 • 2 daq

34
O‘zbekiston Prezidenti va Bahrayn Podshohi o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 4-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Bahrayn Podshohi Hamad bin Iso Ol Xalifa bilan telefon orqali suhbatlashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqot davomida Yaqin Sharqda kuzatilayotgan so‘nggi jarayonlar, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan masalalar muhokama qilindi.

Muqaddas Ramazon oyida musulmon ummati hamjihatlik, yaqin birodarlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik tamoyillari asosida bir-biriga hamfikr va madadkor bo‘lishi lozimligi qayd etildi.

Mamlakat tinchligi va fuqarolar osoyishtaligiga jiddiy xavf soladigan, begunoh insonlarning aziyat chekishiga sabab bo‘layotgan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, barcha muammolarni faqat diplomatik va muzokaralar yo‘li orqali hal etish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Mamlakatimiz yetakchisi bunday murakkab va sinovli sharoitda Bahrayn rahbariyati va xalqi bilan birdam va hamjihat ekanligini izhor etdi.

O‘z navbatida, Podshoh Hamad bin Iso Ol Xalifa davlatimiz rahbariga shunday sinovli kunlarda e’tibor ko‘rsatib, qilgan telefon qo‘ng‘irog‘i, ko‘rsatgan chin do‘stligi va samimiy qo‘llab-quvvatlovi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish