Sirdaryolik mutaxassislar Xitoyda malaka oshirish kurslarida qatnashdi
Iyun 04, 2026. 12:25 • 3 daq
• 80PЕKIN, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Sirdaryo viloyati kasbiy ta’lim tizimi vakillari Pekin shahridagi “Beifang Education Group” kompaniyasida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan mazkur malaka oshirish kurslariga Sirdaryo viloyatidagi kasbiy ta’lim muassasalari mutaxassislari, ishlab chiqarish ta’limi ustalari hamda o‘quvchilardan iborat 30 kishilik delegatsiya tashrif buyurdi.
Ishtirokchilar zamonaviy avtomobil texnologiyalari, o‘quv-amaliy laboratoriyalar faoliyati, texnik servis xizmatlari, innovatsion ta’lim metodikalari hamda amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rgandilar.
Kurs davomida ular “Beifang Education Group” kompaniyasining texnik imkoniyatlari, zamonaviy avtomobil diagnostikasi uskunalari, amaliy ta’lim jarayonlari hamda avtomobil sanoatida qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar haqida batafsil ma’lumot oldi.
Shuningdek, ishtirokchilar zamonaviy elektromobil texnologiyalari, diagnostika va ta’mirlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Darslar qizg‘in muhokamalar, tajriba almashish va amaliy mashg‘ulotlarga boy tarzda o‘tdi.
Delegatsiya Xitoyga safari doirasida Xandan shahrida joylashgan “Beifang” ta’lim markaziga ham tashrif buyurdi. Bu yerda vakillarimiz zamonaviy o‘quv bazalari, ishlab chiqarish laboratoriyalari hamda amaliy ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Muzaffar Asqarov, Sirdaryo viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi bosh mutaxassisi:
– Bugungi kunda butun dunyoda avtomobilsozlik va elektromobil texnologiyalariga o‘tish jarayoni jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Bu malakali kadrlarga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. Shu maqsadda, Sirdaryo viloyati kasbiy ta’lim muassasalarining ishlab chiqarish ta’limi ustalari va o‘quvchilaridan iborat delegatsiyamiz Xitoyning Pekin shahrida joylashgan “Beifang” o‘quv markazida malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi.
Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi va Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan mazkur kurslar davomida biz bevosita ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdik. Bu tajriba o‘quvchilar uchun nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlashga xizmat qildi.
Arslonbek Mamadullayev, Sirdaryo viloyati Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi ishlab chiqarish ta’limi ustasi:
– Biz Xitoyning “Beifang Education Group” kompaniyasida 14 kun davomida malaka oshirish kurslarida ishtirok etdik. Bu yerda yangi energiya texnologiyalari, akkumulator batareyalari, quvvatlash uskunalarining turlari, ularni ta’mirlash, sozlash va o‘rnatish bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlarga ega bo‘ldik.
Xitoylik mutaxassislar nazariy mashg‘ulotlarni tushunarli va sodda tarzda olib borib, amaliy jarayonlarda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatdi. Ushbu kurslar davomida egallagan bilim va ko‘nikmalarimizni yurtimizga qaytgach, ta’lim jarayonida keng qo‘llaymiz.
Elyorbek Ashirov, Sirdaryo viloyati texnikumi o‘quvchisi:
– Biz Pekin shahridagi “Beifang Education Group” kompaniyasida tashkil etilgan 14 kunlik malaka oshirish kurslarida tahsil oldik. Mashg‘ulotlar davomida elektr energiyasida harakatlanuvchi va gibrid avtomobillar haqida chuqur bilimlarga ega bo‘ldik, ularning tuzilishi va ishlash tamoyillarini o‘rgandik.
Bu yerda ustozlar darslarni juda tushunarli tarzda o‘tdi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar qiziqarli va mazmunli tashkil etildi. Shuningdek, biz Xitoyning Xandan shahridagi avtomobil ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan ham tanishdik.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi










