O‘zbekistonlik shifokorlar Turkiyada malaka oshirdi

Iyun 04, 2026. 11:55 • 58 soniya

74
O‘zbekistonlik shifokorlar Turkiyada malaka oshirdi

ANQARA, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonlik bir guruh shifokor va hamshiralar tajriba almashish dasturi doirasida Turkiyada malaka oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Turkiyaning “Palandöken” nashriga tayanib.

Malaka oshirish amaliyoti Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari uchun tashkil etildi. 

Malaka oshirish kurslarida markaz xodimlari, jumladan, anesteziologlar ham qatnashdi. Mashg‘ulotlar Erzurum shahridagi Otaturk universitetining tibbiyot fakulteti va ilmiy-tadqiqot shifoxonasi negizida olib borildi.

Uch haftalik dastur onkologik bemorlarga palliativ va simptomatik yordam ko‘rsatish, bemorlar hayoti sifatini yaxshilash, davolashning xalqaro standartlarini qo‘llash, shifokorlar, hamshiralar va psixologlar ishtirokida multidissiplinar yondashuvni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

O‘quv dasturi yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Turkiya klinikasi rahbariyati kasbiy tajriba almashinuvining ahamiyatini qayd etib, ikki mamlakat tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish