SMTI direktori Dohada bo‘lib o‘tgan Global xavfsizlik forumida ishtirok etdi

Oktabr 22, 2026. 17:00 • 2 daq

• 140
SMTI direktori Dohada bo‘lib o‘tgan Global xavfsizlik forumida ishtirok etdi
SMTI direktori Dohada bo‘lib o‘tgan Global xavfsizlik forumida ishtirok etdi

DOHA, 22-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov Dohada bo‘lib o‘tgan 8-Global xavfsizlik forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2018-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan forum davlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar, ekspert-tahliliy hamjamiyat va ommaviy axborot vositalari vakillarini birlashtiradi. 

Bu yil tadbirda 100 dan ortiq mamlakatdan yuqori martabali davlat arboblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, harbiylar, diplomatlar va ekspertlar qatnashdi.

Tadbirda Pokiston ichki ishlar vaziri Sayyid Mohsin Rizo Naqvi, Ispaniya ichki ishlar vaziri Fernando Grande-Marlaska Gomes, Kipr adliya vaziri Kostas Fitiris, BMT Bosh kotibining xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Yanin Hennis-Plasxert, Kanada Vazirlar Mahkamasi kotibining milliy xavfsizlik va razvedka masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dominik Roshon, Ispaniyaning tashqi va global ishlar bo‘yicha davlat kotibi Diyego Martines Belio, AQShning Turkiyadagi elchisi va AQSh Prezidentining Iroq hamda Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tomas J.Barrak qatnashdi. 

Shu bilan birga, forumda Interpol rahbariyati, NATO, Yevropa Ittifoqi, Ukraina, Suriya, Iroq, Liviya va yetakchi tahliliy markazlar vakillari ham ishtirok etdi.

Global kuchlar muvozanati o‘zgarib, geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotgan sharoitda xalqaro ittifoqlar va sheriklik munosabatlarining kelajagi forumning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Muhokamalarda mintaqaviy nizolarni hal etish istiqbollari hamda xalqaro hamkorlik mexanizmlarini xavfsizlik sohasidagi yangi tahdid va xatarlarga moslashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Forum doirasida SMTI direktori xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar muhokamalarida qatnashdi. 

Fikr almashish davomida inqirozlarning oldini olishda diplomatiyaning o‘rni, davlatlar o‘rtasidagi muloqotni saqlab qolish va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish