“ČTK” AA: Chexiya Bosh vaziriga Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashriflari chog‘ida mamlakatning yetakchi iqtisodiy tuzilmalari vakillari hamrohlik qilmoqda
Aprel 29, 2026. 10:55 • 2 daq
• 292
PRAGA, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Chexiyaning “ČTK” axborot agentligida Bosh vazir Andrey Babishning Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistonga rasmiy tashriflari haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Axborot agentligi qayd etishicha, hukumat rahbariga energetika, transport, mashinasozlik va mudofaa sanoati sohalarida faoliyat yurituvchi 50 ga yaqin nufuzli chex kompaniyalari hamrohlik qilmoqda. Delegatsiya tarkibidan “CSG” mudofaa guruhi, “Explosia” o‘q-dori ishlab chiqaruvchi korxonasi, “Škoda Group” muhandislik kompaniyasi, “Aero Vodochody Aerospace” va “Česká zbrojovka” kabi sanoat gigantlari o‘rin olgan.
Chexiya sanoat va transport konfederatsiyasi (SPČR) maʼlumotlariga ko‘ra, safardan asosiy maqsad – ushbu mamlakatlarga chex eksportini oshirish va yangi investitsiyaviy imkoniyatlarni izlashdir.
Tashrif dasturi nihoyatda tig‘iz bo‘lib, Andrey Babishning Ozarbayjon va Qozog‘iston rahbariyati bilan muzokaralaridan so‘ng, safarning yakuniy nuqtasi sifatida Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi belgilangan.
Chex ekspertlarining fikricha, aholisi 70 milliondan ortiq bo‘lgan bu uch mamlakat Chexiya uchun strategik ahamiyatga ega. Xususan, Ozarbayjon va Qozog‘iston Chexiyaning asosiy energiya resurslari yetkazib beruvchilari sanaladi. O‘tgan yili Chexiya import qilgan neftning 42 foizi aynan Ozarbayjon hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Maqolada taʼkidlanishicha, Chexiya kompaniyalari nafaqat energetika va mudofaa, balki transport infratuzilmasi va sog‘liqni saqlash sohalarida ham hamkorlikni chuqurlashtirish niyatida. Bugungi kunda mintaqada muvaffaqiyatli ishlayotgan chex tadbirkorlari soni ortib borayotgani, ushbu biznes-missiya esa iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi