Xitoylik mutaxassislar tomonidan shifokorlar uchun maxsus treninglar tashkil etildi
Aprel 27, 2026. 20:00 • 2 daq
• 92TOSHKENT, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy bolalar tibbiyot markazi, Fudan universiteti bolalar shifoxonasi hamda “Future Smile Foundation” jamg‘armasi hamkorligida o‘zbekistonlik shifokorlar uchun ixtisoslashtirilgan treninglar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi va “Future Smile Foundation” jamg‘armasi o‘rtasida 2025-yil avgust oyida imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasida o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar hayot faoliyatini tayanch qo‘llab-quvvatlash, shoshilinch yordamning asosiy ko‘nikmalari, keng tarqalgan kritik holatlarda ssenariylarni simulyatsion modellashtirish kabi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Dastur doirasida Fudan universiteti bolalar shifoxonasi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Xitoy tomoni yuqori malakali mutaxassislar ishtirokini ta’minlab, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni taqdim etdi.
Tashrifning tashkiliy masalalari va unga aloqador xarajatlar “Future Smile Foundation” jamg‘armasi tomonidan qoplandi. Jamg‘arma tomonidan zarur uskunalar va o‘quv manekenlarini yetkazib berildi.
Treninglar so‘nggida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Delegatsiya tashrifi doirasida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Sog‘liqni saqlash vazirligida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


