Logo

O‘zbekiston va Latviya IIVlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik kengaytiriladi

Aprel 29, 2026. 12:55 • 2 daq

103
O‘zbekiston va Latviya IIVlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik kengaytiriladi

RIGA, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Riga shahrida O‘zbekiston va Latviya ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, narkotik moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston delegatsiyasiga IIV Jinoyat qidiruv xizmati rahbari Sardor Mirzaraimov, Latviya tomonidan esa IIV davlat kotibi o‘rinbosari Yanis Berkmanis rahbarlik qildi.

Uchrashuvda tomonlar transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurash, terrorizm va ekstremizm xavflarini kamaytirish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi choralar haqida fikr almashdi.

Shuningdek, moliyaviy jinoyatlar – pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash, korrupsiyaga qarshi choralarni kuchaytirish, kiberjinoyatchilik va axborot xavfsizligi sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar jinoyatlarni fosh etishda zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish va maʼlumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish muhimligini taʼkidladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirish, qo‘shma seminar va treninglar o‘tkazish, xorijiy tajribani o‘rganish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shu bilan birga, chegara hududlarida xavfsizlikni taʼminlash, noqonuniy yuk va qurol-yarog‘ aylanmasiga qarshi kurashish, transport orqali sodir etiladigan jinoyatlarni erta aniqlash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga eʼtibor qaratildi.

Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Latviyaning Olayne shahridagi jazoni ijro etish muassasasi faoliyati bilan tanishdi. U yerda mahkumlarni saqlash sharoitlari, ularni kasb-hunarga o‘qitish va jamiyatga qayta moslashtirish bo‘yicha tajriba almashildi.

Tomonlar xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, jumladan Interpol orqali tezkor axborot almashish, xalqaro qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ushlash, ekstraditsiya jarayonlarini soddalashtirish masalalarida ham kelishib oldi. Shuningdek, uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi qo‘shma tadbirlar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida muzokaralar natijalarini aks ettiruvchi protokol imzolandi va kelgusi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish