Logo

Varshava shahrida “Women in Tech” xalqaro tadbirini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi muhokama qilindi

Aprel 28, 2026. 14:00 • 2 daq

116
Varshava shahrida “Women in Tech” xalqaro tadbirini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi muhokama qilindi

VARSHAVA, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Yurtimizning Polshadagi elchixona tomonidan “Perspektywy” taʼlim jamg‘armasi asoschisi va “IREG Academic Ranking and Excellence Observatory” prezidenti Valdemar Sivinski bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi hamda Polsha–O‘zbekiston rektorlari forumi natijalari muhokama qilindi.

Valdemar Sivinski ushbu tadbirlar yuqori darajada tashkil etilganini taʼkidlab, Polsha akademik hamjamiyati nomidan minnatdorlik bildirdi. Uning fikricha, mazkur tadbirlar Polsha va O‘zbekiston universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlab, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo uchun namunaviy formatga aylanmoqda.

Shuningdek, tomonlar taʼlim va ilmiy hamkorlikni kengaytirish, ayniqsa yoshlar va tadqiqotchilar almashinuvini kuchaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Xususan, 2026-yil 10–11-iyun kunlari Varshava shahrida o‘tkaziladigan “Texnologiya sohasida ayollar sammiti – 2026” (“Perspektywy Women in Tech Summit – 2026”)da O‘zbekistondan 20 nafardan ortiq talaba va yosh tadqiqotchilar ishtirokini taʼminlash masalasi muhokama qilindi.

Valdemar Sivinski ushbu sammit Yevropadagi eng yirik texnologik tadbirlardan biri ekanini, har yili 10 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashishini maʼlum qildi. Shu bilan birga, u O‘zbekiston delegatsiyasi uchun ishtirok to‘lovlarini bekor qilish, ularning faol ishtirokini taʼminlash va xalqaro aloqalar o‘rnatishda amaliy yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.

Bundan tashqari, u O‘zbekistonda 2027–2028-yillarda “Women in Tech” formatida Markaziy Osiyo miqyosida xalqaro tadbir o‘tkazish tashabbusini yana ilgari surdi va bu borada O‘zbekiston tomonining pozitsiyasini so‘radi.

Elchixona diplomatlari ushbu tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish, taʼlim va innovatsiyalar sohasidagi salohiyatini namoyon etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish