Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari logistika xabini tashkil etadi

May 25, 2026. 09:25 • 3 daq

104
Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari logistika xabini tashkil etadi
Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari logistika xabini tashkil etadi

ISLOMOBOD, 25-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri – «Shaigan Pharma» faoliyati bilan tanishdi va kompaniya rahbari Vaxid Ahmed bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida, avvalo, kompaniyaning zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, mavjud texnologik quvvatlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari hamda eksport salohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi. Elchi korxonada dori vositalari va vitamin komplekslarini ishlab chiqarish jarayoni, sifat nazorati tizimi hamda xalqaro standartlarga muvofiqlik masalalari bilan ham tanishdi. Kompaniyaning ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyati, yangi mahsulotlar ishlab chiqish borasidagi tajribasi yuqori baholandi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini jadal rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida xorijiy investorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar, soliq va bojxona yengilliklari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar xususida so‘z yuritildi.

Tomonlar mahsulotlarni mahalliylashtirish, eksportga yo‘naltirilgan qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo va MDH davlatlari bozorlariga chiqish istiqbollarini muhokama qildilar. Ayniqsa, O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi, rivojlanayotgan transport-kommunikatsiya tarmoqlari va mintaqaviy logistika markazi sifatidagi imkoniyatlari alohida taʼkidlandi.

Muloqot davomida, shuningdek, «Shaigan Pharma» kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda zamonaviy logistika xabini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, mazkur logistika markazi orqali kompaniya mahsulotlarini Markaziy Osiyo mamlakatlari va MDH hududiga tezkor va samarali yetkazib berish imkoniyati yaratiladi. Bu esa, o‘z navbatida, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Kompaniya rahbariyati mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlikni kengaytirishga katta qiziqish bildirdi. Shu munosabat bilan, joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonga biznes-missiya bilan tashrif buyurishga tayyor ekanliklari maʼlum qilindi. Tashrif doirasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbariyati bilan istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qilish va farmatsevtika korxonalari, investitsiya va logistika obyektlari bilan tanishish rejalashtirilmoqda.

«Shaigan Pharma» kompaniyasi 1993-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Pokistonning yetakchi farmatsevtika ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya tomonidan 200 dan ortiq turdagi farmatsevtika mahsulotlari, jumladan, vitaminlar, ozuqa qo‘shimchalari, antibiotiklar va boshqa dori vositalari ishlab chiqariladi. Korxona mahsulotlari Afrika davlatlari, AQSH, Kanada, Afg‘oniston, Shri-Lanka, Bangladesh va boshqa qator mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Kompaniyaning xalqaro bozordagi muvaffaqiyatli faoliyati uning yuqori sifat standartlari va zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalariga tayanayotganini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish