YUNЕSKO forumida O‘zbekistonning maktabgacha ta’lim sohasidagi tajribasi namoyish qilindi
Noyabr 24, 2026. 14:30 • 2 daq
• 144PARIJ, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Fransiya poytaxtida YUNЕSKO, YUNISЕF va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hamkorligida maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish masalalariga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Forumda YUNЕSKO Bosh direktori Xolid al-Anoniy, Ijroiya kengashi raisi Nosir bin Hamad al-Hinzab, Sharja Oila va jamiyat kengashi raisi shayx Javohir bint Muhammad al-Qosimiy, YUNЕSKO Bosh direktorining ta’lim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Syun Chen, a’zo davlatlar vazirlari, ta’lim sohasi rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar, mahalliy hokimiyat va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Mazkur yuqori darajadagi tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etib, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalarni xalqaro hamjamiyatga taqdim etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Yuldashev so‘nggi yillarda sohaga yo‘naltirilayotgan davlat investitsiyalari sezilarli darajada oshirilgani, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari kengaytirilgani hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i izchil rivojlanayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, mamlakatda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2016-yildagi 30 foizdan kam ko‘rsatkichdan bugungi kunda 78 foizga yetdi. Natijada qariyb 2,4 million nafar bola maktabgacha ta’lim xizmatlari bilan qamrab olindi.
Pedagog kadrlar malakasini oshirish, hududlar o‘rtasidagi ta’lim imkoniyatlari farqini qisqartirish, “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish va uch yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ta’lim xizmatlarini kengaytirish kelgusidagi ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Forumda Toshkent shahrida YUNЕSKO homiyligida faoliyat yuritayotgan Maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha mintaqaviy markaz faoliyati ham namoyish qilindi. O‘zbekiston tomonidan mazkur markazni mintaqada maktabgacha ta’limni rejalashtirish va moliyalashtirish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish platformasi sifatida rivojlantirish taklif etildi.
Ushbu xalqaro forum O‘zbekistonning maktabgacha ta’lim sohasidagi tajribasini namoyish etish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


