O‘zbekistonlik olimlar Germaniyada malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi
Noyabr 24, 2026. 16:00 • 2 daq
• 28
DRЕZDЕN, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti olimlari Germaniyaning Drezden texnika universitetida malaka oshirish kurslarida bo‘ldi va xalqaro ta’lim kongressida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari Berlindagi O‘zbekiston elchixonasida uchrashuv o‘tkazib, ta’lim, fan va sog‘liqni saqlash masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Safar davomida pedagoglar Drezden texnika universiteti pedagogika fakulteti rahbariyati bilan hamkorlik rejalarini muhokama qildi. Professor Tomas Kyoller rahbarligida o‘tkazilgan metodologik seminarda fakultet tadqiqotchilarining ilmiy ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Vakillarimizning navbatdagi uchrashuvi Drezdendagi umumta’lim maktablaridan birida bo‘lib o‘tdi. Unda nemis tomoni barcha o‘quvchilar uchun teng ta’lim imkoniyatini yaratish va darslarda inklyuziv ta’lim tamoyillarini qo‘llash tajribasini namoyish qildi.
8,3 milliondan ziyod kitob fondiga ega Saksoniya davlat kutubxonasidagi uchrashuv ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Drezdenda “Kelajak uchun ta’lim” mavzusidagi xalqaro kongressda esa o‘zbekistonlik olimlar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining ta’lim va ko‘nikmalar bo‘yicha departamenti vakillari bilan fikr almashdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar kelgusida ikki mamlakat olimlari ishtirokida ilmiy-amaliy uchrashuvlar o‘tkazish hamda hammualliflikda adabiyotlar nashr etishga kelishib oldi.
Safar yakunida delegatsiya a’zolariga Drezden texnika universitetida malaka oshirgani to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi