Pokiston kompaniyasi Xiva shahrida “aqlli shahar” loyihasini amalga oshirish jarayonini boshladi
Avgust 25, 2026. 21:25 • 2 daq
• 182
ISLOMOBOD, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida ushbu mamlakatning qurilish, muhandislik, infratuzilma va ko‘chmas mulkni rivojlantirish sohalarida katta tajribaga ega konglomeratlaridan biri – «Habib Rafiq Engineering (Pvt.) Ltd.» (HRL) delegatsiyasining O‘zbekistonga navbatdagi safarini tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif dovamida «Habib Rafiq Engineering (Pvt.) Ltd.» kompaniyasi rahbariyati Xorazm viloyati bo‘ldi va viloyati hokimligi bilan Xiva shahrida «aqlli shahar» investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro Anglashuv memorandumini imzoladi.
Kelishuv qadimiy Xiva shahrini kengaytirish doirasida yangi «aqlli shahar»ni barpo etish bo‘yicha taklif qilingan loyihani amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, mazkur loyihaning amalga oshirilishi Xorazm viloyati va Xiva shahri kelajagi uchun muhim bosqich bo‘lib, barqaror shaharsozlik, investitsiyalar, innovatsiyalar va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Kompaniya vakillarining aytishicha, «Habib Rafiq Engineering (Pvt.) Ltd.» Markaziy Osiyoga «Aqlli shahar»larni rejalashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, transport tarmoqlari, kommunal tizimlar va barqaror shahar yechimlari sohasidagi tajriba va bilimlarini olib kirishni rejalashtirgan. Taklif etilayotgan «aqlli shahar» tashabbusi Xivaning beqiyos tarixiy va madaniy merosini hurmat qilish va asrab-avaylash bilan birga, mahalliy aholi, tadbirkorlar, investorlar va kelajak avlodlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilgan.
«Ushbu loyiha oddiy shaharsozlik tashabbusidan ham kengroq maʼno kasb etadi – bu kelajak haqidagi strategik tasavvurdir. U dunyo darajasidagi infratuzilma, iqtisodiy o‘sish, texnologik innovatsiyalar va ekologik barqarorlikni Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan birining o‘ziga xos qiyofasi va tarixiy merosini saqlagan holda o‘zaro uyg‘unlashtirishni ko‘zda tutadi. «Habib Rafiq Engineering (Pvt.) Ltd. O‘zbekiston tomoni ishonchi va hamkorligini chin dildan qadrlaydi hamda ushbu hamkorlikni yana-da mustahkamlash, shuningdek, mazkur ulkan va ezgu rejani birgalikda hayotga tatbiq etishga umid bildiradi», – dedi kompaniya vakili Xalid Taymur.
“HRL” kompaniyasi yirik infratuzilma va «aqlli shahar»larni rivojlantirish sohasida katta tajribaga ega. Pokistonda “HRL” mamlakatning eng nufuzli shaharsozlik loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Taxminan 14 ming 500 km. maydonni egallagan, Pokistondagi eng yirik «aqlli shahar» loyihalaridan biri bo‘lgan «Capital Smart City Islamabad» va «Lahore Smart City» loyihalari shular jumlasidandir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi