Pokiston kompaniyasi Toshkent viloyatida tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etadi
May 13, 2026. 13:55 • 2 daq
• 113
ISLOMOBOD, 13-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Pokistonning yirik charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri — “Royal Leather Industries Limited” rahbari Muhammad Azam Malik boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Tashrif doirasida Pokiston delegatsiyasi aʼzolari O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida charm-poyabzal sanoati sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish hamda eksport salohiyatini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida hududida tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy sanoat zonasini tashkil etish loyihasini amalga oshirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Loyiha doirasida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan charm mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro standartlarga mos mahsulot tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Taʼkidlanganidek, mazkur sanoat zonasining ishga tushirilishi natijasida Yevropa, AQSH va boshqa yirik xalqaro bozorlarga eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy charm-poyabzal sanoati raqobatbardoshligini oshirish hamda sohani yangi bosqichga olib chiqish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, loyiha mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi kooperatsiya aloqalarini shakllantirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, muzokaralar chog‘ida charm sanoatida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, innovatsion ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish, eksportbop mahsulotlar turini ko‘paytirish va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar “Royal Leather Industries Limited” kompaniyasining ko‘p yillik tajribasi, ilg‘or texnologiyalari va xalqaro hamkorlik aloqalarini O‘zbekistondagi ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.
“Royal Leather Industries Limited” 1986-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Pokistonning yirik vertikal integratsiyalashgan charm ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri sanaladi. Korxona Yevropa, AQSH va boshqa xalqaro bozorlardagi nufuzli brendlar bilan hamkorlik qilib, yuqori sifatli charm mahsulotlarini eksport qilib kelmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




