YUNESKO bilan Buxoroda xalqaro konferensiya o‘tkazish masalasi muhokama qilindi
May 10, 2026. 15:55 • 2 daq
• 287PARIJ, 13-may /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari YUNESKOning Kreativ shaharlar tarmog‘i kotibiyati rahbari Denis Baks va ekspert Syaobo Ni bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi, Buxoro viloyati va shahri hokimliklari vakillari ishtirok etdi.
Muzokaralarda 2027-yilda Buxoro shahrida YUNESKO Kreativ shaharlar tarmog‘i (UCCN)ning 19-yillik konferensiyasini o‘tkazish bo‘yicha nomzodlik arizasini tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, ushbu tashabbus O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2025-yil oktyabr oyida Samarqandda o‘tkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ilgari surilgan. Shuningdek, u shu yil 8-aprel kuni imzolangan O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga ham kiritilgan.
Uchrashuvda o‘zbek tomoni Buxoroda ushbu nufuzli xalqaro anjumanni o‘tkazish tashabbusi mamlakatimizning YUNESKO qadriyatlari, xususan, ijodkorlik, madaniyat va barqaror shahar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan qatʼiy eʼtiborini namoyon etishini taʼkidladi.
1993-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va 2023-yildan beri UCCN aʼzosi bo‘lgan Buxoro boy madaniy meros va zamonaviy ijodiy muhitni o‘zida mujassam etgan shahar hisoblanadi.
Shu bilan birga, bugungi kunda Buxoro ijodiy industriyalar va hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markazga aylanayotgani, xalqaro madaniy tadbirlar uchun muhim maydon vazifasini bajarayotgani qayd etildi.
Tomonlar Buxoroda mazkur konferensiyani o‘tkazish YUNESKO Kreativ shaharlar tarmog‘i maqsadlarini ilgari surish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida YUNESKO vakillari konferensiya mezbonini tanlash mezonlari va nomzodlik arizasini tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar berdi. Shuningdek, ular Buxoroda ushbu muhim tadbirni o‘tkazish uchun O‘zbekistonga ekspert ko‘magi ko‘rsatishga tayyor ekanini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






