Qohirada O‘zbekistonda C gepatitiga qarshi dori vositalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari muhokama qilindi

Avgust 12, 2026. 09:30 • 2 daq

128
Qohirada O‘zbekistonda C gepatitiga qarshi dori vositalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari muhokama qilindi

QOHIRA, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Misrning “PHARCO Corporation” farmatsevtika korporatsiyasi mintaqaviy direktori Muhammad Foruq bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tomonlar korporatsiyani O‘zbekiston bilan hamkorlikka jalb qilish, sarmoya kiritish, texnologiyalar transferi hamda C gepatitiga qarshi preparatlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish istiqbollarini muhokama qildi.

“Pharco Pharmaceuticals” – 1987-yilda tashkil etilgan “Pharco Corporation”ning korxonasi hisoblanadi. Korporatsiya tarkibiga 5,7 mingdan ortiq xodimga ega to‘qqizta tashkilot kiradi. Yillik savdo hajmi 345 million qadoqdan oshadi, mahsulotlar 57 mamlakatga yetkazib beriladi. “Pharco” 13,2 foizlik ulush bilan Misr farmatsevtika bozorida birinchi o‘rinni egallaydi.

Muhammad Foruq korporatsiyaning Misrda C gepatitini bartaraf etishdagi o‘rni haqida so‘z yuritdi. Kompaniya “Gratisovir” nomli sofosbuvir generigi va litsenziyalangan “Ravidasvir” preparati kabi arzon virusga qarshi dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Bu davolash kursi narxi bir necha o‘n ming dollardan 100 dollargacha pastga tushirilgan. Davolash kursidan so‘ng bemorning sog‘ayish ko‘rsatkichi 99 foizni tashkil etgan.

Milliy dastur doirasida preparatlarning ommaviy yetkazib berilishi millionlab fuqarolarni davolash imkonini berdi. Natijada, Misr C gepatitini yenggani uchun JSSTning rasmiy “Oltin sertifikati”ni qo‘lga kiritgan dunyodagi birinchi davlatga aylandi.

“PHARCO Corporation” ayni paytda O‘zbekistonning qator xususiy farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Ushbu sheriklik bo‘yicha “Gratisovir” va “Ravidasvir” dori vositalarini yetkazib berish, texnologiyalar transferi va O‘zbekiston farmatsevtika quvvatlari negizida ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni taʼminlashi mumkin.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, mamlakatimiz xususiy farmatsevtika kompaniyalari va “PHARCO Corporation” ishtirokida onlayn muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi. Misrlik mutaxassislar keyingi muzokaralar uchun O‘zbekistonga delegatsiya yuborishga tayyorligini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish