Logo

Slovakiya O‘zbekistonda geologik maʼlumotlarni raqamlashtirishni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor

May 08, 2026. 12:57 • 2 daq

327
Slovakiya O‘zbekistonda geologik maʼlumotlarni raqamlashtirishni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor
Slovakiya O‘zbekistonda geologik maʼlumotlarni raqamlashtirishni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor
Slovakiya O‘zbekistonda geologik maʼlumotlarni raqamlashtirishni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor

BRATISLAVA, 8-may. /“Dunyo” AA/. “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ hamda Slovakiyaning Dioniz Shtur nomidagi Davlat geologiya instituti vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot jarayonida ­tomonlar O‘zbekistonda strategik foydali qazilmalar va metallurgiya sohasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Jumladan, yangi konlarni qidirish va razvedka qilish, geologik maʼlumotlarni raqamlashtirish, shuningdek, sohaga xalqaro standartlarni joriy etishga to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomoni “O‘zTMK”ning volfram, molibden va reniyni qazib olish hamda qayta ishlash, shuningdek, yuqori soflikdagi selen va tellur ishlab chiqarish va ularni chuqur qayta ishlashga oid loyihalari haqida maʼlumot taqdim etdi.

O‘z navbatida, Slovakiya tomoni geologik arxivlarni modernizatsiya qilish, zamonaviy geoaxborot tizimlarini yaratish, zaxiralarni baholashning xalqaro standartlarini joriy etish, shuningdek, investorlarning geologik maʼlumotlardan shaffof tarzda foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishchi aloqalarni davom ettirish, taqdimot va texnik materiallar almashish hamda ekspertlar maslahatlashuvlarini o‘tkazish yuzasidan kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish