Navoiy viloyati va Pokistonning Sind provinsiyasi o‘rtasidagi hududlarlar hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqiladi
May 08, 2026. 15:11 • 2 daq
• 144
ISLOMOBOD, 8-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev va Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Karachi shahrida Sind viloyati gubernatori Nehal Hashmi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot avvalida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi anʼanaviy do‘stona munosabatlarni yana-da mustahkamlash, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan hamkorlikni kengaytirish, hududalararo iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish muhimligi alohida urg‘ulandi.
Navoiy va Sind viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarni belgilab olish va istiqbolli loyihalarni hayotga tadbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratdilar. Xususan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, investitsiyalar jalb qilish, taʼlim va innovatsiyalar sohalarida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha aniq taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Har ikki tomon ham mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni rag‘batlantirish zarurligini taʼkidladi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida, jumladan, kartoshkachilikni rivojlantirish, yuqori hosilli va iqlimga mos navlarni joriy etish, zamonaviy agrotexnologiyalarni tatbiq qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda mahsulotlarni qayta ishlash va saqlash infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlariga eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Sanoat sohasida esa qo‘shma korxonalar tashkil etish, texnologiyalar transferini amalga oshirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, muntazam muloqot va tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvlarga erishdi. Bu kelishuvlar kelgusida amaliy natijalarga xizmat qilishi, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga ijobiy taʼsir ko‘rsatishi taʼkidlandi.
Tomonlar mazkur tashrif ikki davlat va ularning hududlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini yana-da chuqurlashtirishga xizmat qilishini bildirib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollariga ishonch bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi