Berlinda O‘zbekiston va Germaniyaning dual hamda kasbiy taʼlim sohasidagi hamkorligi muhokama qilindi
Aprel 19, 2026. 13:00 • 2 daq
• 162
BERLIN, 19-aprel. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida “O‘zbekiston-Germaniya dual va kasbiy taʼlim forumi: raqobatbardosh va malakali kadrlar” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va “iMOVE” loyihasi bilan sheriklikda tashkil etildi. Unda ikki davlat vazirlik va idoralari, federal agentliklar, savdo palatalari vakillari hamda rekruting kompaniyalari rahbarlari jam bo‘lishdi.
Muloqotning asosiy maqsadi - yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda o‘zaro sheriklikni mustahkamlash, nemis dual o‘qitish tizimini joriy etish va qonuniy mehnat migratsiyasi mexanizmlarini kengaytirishdir.
Anjumanning ochilish qismida Elchi Dilshod Axatov, Tyuringiya o‘lkasi vaziri Katarina Shenk va Kasbiy taʼlim agentligi direktori Azimjon Husanov so‘zga chiqishdi. Notiqlar zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kadrlar yetishtirishda strategik aloqalarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tishdi.
Ishchi dastur davomida sohani modernizatsiya qilish, qo‘shma o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish va yoshlarni xorijda tizimli ish bilan taʼminlash masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Germaniyada faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimizni huquqiy himoya qilish hamda o‘zbekistonlik mutaxassislar diplomlarini nemis iqtisodiyotida tan olish mexanizmlariga alohida urg‘u berildi.
B2B formatidagi muzokaralar tadbirning eng samarali qismi bo‘ldi. O‘zbekiston Kasbiy taʼlim agentligi va uning hududiy bo‘linmalari germaniyalik sheriklar bilan 60 ga yaqin memorandum hamda kelishuvlarni imzolashdi. Bu hujjatlar qo‘shma loyihalarni boshlash, o‘qitish sifatini oshirish hamda talabalar uchun Germaniyada stajirovka o‘tash imkoniyatlarini yaratishni ko‘zda tutadi.
Mazkur tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi