O‘zbekiston va Xitoy sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot sohasida ekspertlar hamkorligini kengaytirmoqda
Oktabr 20, 2026. 18:00 • 4 daq
• 115
TOSHKЕNT, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashining “Raqamli sheriklik: sun’iy intellekt va yangi avlod ma’lumotlar iqtisodiyoti” mavzusidagi ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti (IRVESA) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Kengash ishida ikki mamlakatning yetakchi tahliliy, tadqiqot va ta’lim muassasalari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining ixtisoslashgan institutlari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Muhokamalarda davlat idoralari va diplomatik vakolatxonalar vakillari ham qatnashdi.
O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashini ta’sis etish to‘g‘risidagi memorandum 2024-yil oktabr oyida SMTI hamda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti o‘rtasida imzolangan. Kengashning birinchi yig‘ilishi 2025-yil 22-mart kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan va iqlim o‘zgarishi, ekologik hamkorlik hamda “yashil” texnologiyalar masalalariga bag‘ishlangan edi.
Ikkinchi yig‘ilishda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, ma’lumotlar infratuzilmasini rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar yangi texnologiyalarning jadal tarqalishi barqaror o‘sishni ta’minlash, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratayotganini qayd etdi.
Mazkur kun tartibining dolzarbligi dunyoda kechayotgan o‘zgarishlar ko‘lami bilan belgilanadi. Xalqaro ekspertlar bahosiga ko‘ra, 2030-yilga borib sun’iy intellektning jahon iqtisodiyotiga qo‘shadigan hissasi 20 trillion dollarga yetishi mumkin. Raqamli iqtisodiyotning jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi esa hozirning o‘zida 17 foizdan oshgan.
O‘zbekiston “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi doirasida milliy raqamli ekotizimni izchil rivojlantirmoqda.
Ushbu sa’y-harakatlarning muhim natijasi sifatida raqamli xizmatlar eksporti sezilarli darajada oshib, 2025-yilda uning hajmi qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Ayni paytda hisoblash quvvatlari va ma’lumotlarni qayta ishlashning zamonaviy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2026-yil iyun oyida IT Park hududida quvvati 12 MVt bo‘lgan “yashil” ma’lumotlarni qayta ishlash markazi qurilishini moliyalashtirish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Xitoy, o‘z navbatida, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida jahondagi yetakchi davlatlardan biridir. Uning hisoblash infratuzilmasini kengaytirish, intellektual yechimlarni joriy etish va raqamli iqtisodiyotni shakllantirish borasidagi tajribasi O‘zbekiston uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Raqamli o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, texnologiyalar almashinuvi va innovatsion hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Raqamli ipak yo‘li” tashabbusi ikki tomonlama hamkorlik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochmoqda.
Ekspertlar sun’iy intellektni sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, davlat boshqaruvi hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qo‘llash istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi.
Ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish, raqamli xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, normativ-huquqiy yondashuvlarni takomillashtirish va kiberxavfsizlik sohasidagi sheriklikni mustahkamlash masalalari ham alohida muhokama qilindi.
Yangi imkoniyatlar bilan bir qatorda, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish, sun’iy intellektdan axloqiy me’yorlarga muvofiq foydalanish, mehnat bozorining o‘zgarishi va ilg‘or texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlaridagi tengsizlik bilan bog‘liq muammolarni ham hisobga olish zarurligi qayd etildi.
Ishtirokchilar innovatsiyalarni rag‘batlantirish, raqamli muhit xavfsizligini ta’minlash va o‘z texnologik kompetensiyalarini rivojlantirish imkonini beradigan muvozanatli yondashuvning muhimligini ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida ikki mamlakatning ekspertlik va ilmiy tashkilotlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shu nuqtayi nazardan, Xitoy tomoni O‘zbekistonning raqamli infratuzilmani rivojlantirish va milliy innovatsion ekotizimni shakllantirish borasidagi yutuqlarini yuqori baholab, professional aloqalarni yanada kengaytirish hamda istiqbolli tashabbuslar ustida birgalikda ishlashdan manfaatdorligini bildirdi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha SMTI hamda IRVESA O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashining 2027-yilga mo‘ljallangan ish rejasini imzoladi. Hujjat ekspertlar muloqotini davom ettirish va ikki tomonlama kun tartibining ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashining uchinchi yig‘ilishini Pekinda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi