Logo

O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasida investitsiya va shaharsozlik yo‘nalishida hamkorlik kengaytiriladi

May 08, 2026. 09:25 • 3 daq

283
O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasida investitsiya va shaharsozlik yo‘nalishida hamkorlik kengaytiriladi
O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasida investitsiya va shaharsozlik yo‘nalishida hamkorlik kengaytiriladi
O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasida investitsiya va shaharsozlik yo‘nalishida hamkorlik kengaytiriladi
O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasida investitsiya va shaharsozlik yo‘nalishida hamkorlik kengaytiriladi

TOSHKENT, 8-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Habib Rafiq Pvt. Ltd.” (HRL Group) kompaniyasi vakillari hamda uning xorijiy hamkorlaridan iborat delegatsiya amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Safar doirasida xorijiy delegatsiya aʼzolari O‘zbekistondagi turli vazirlik va idoralar rahbarlari bilan turli uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida “Yangi Toshkent” loyihasi, Xiva shahri va boshqa hududlarda “aqlli shahar” konsepsiyalarini joriy etish, IT-parklar tashkil qilish, tog‘-kon sanoati, turizm, taʼlim va kadrlar almashinuvi kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

“Yangi Toshkent” shahrini barpo etish direksiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “HRL Group” shaharsozlik, bosh rejalashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tashkil etish hamda gorizontal infratuzilmani rivojlantirish sohalarida hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Tashrif davomida “IT Park Uzbekistan” va “HRL Group” o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Tomonlar IT infratuzilmasi, texnologik parklar, data center‘lar va raqamli xizmatlar sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Delegatsiyaning Xorazm viloyatiga tashrifi ham amaliy ahamiyat kasb etdi. Tomonlar Xiva shahrini kengaytirish, zamonaviy turar joy majmualari va infratuzilma obyektlarini qurish, farmatsevtika sohasida investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralar jarayonida Xorazm viloyati hokimligi va “HRL Group” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida bo‘lib o‘tgan muzokaralar avvalida xorijiy tomonga konchilik, qishloq xo‘jaligi, sanoat zonalari, IT-parklar, temir yo‘l infratuzilmasi, aeroport boshqaruvi va chiqindilarni qayta ishlash sohalaridagi imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi. “HRL Group” vakillari hududda “data center”lar, “aqlli shahar” infratuzilmasi, taʼlim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda “Yangi Shirin” shahri loyihasi, turizm infratuzilmasi, mehmonxona qurilishi, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

“HRL Group” rahbariyati Islomobod shahridagi “Capital Smart City” hududida Imom Buxoriy markazining Pokistondagi filialini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Tomonlar Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi hududida mehmonxona loyihasini amalga oshirish istiqbollarini ham muhokama qildi.

Uchrashuv va muzokaralarda taʼkidlanganidek, mazkur tashrif O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida shaharsozlik, investitsiya, raqamli texnologiyalar, tog‘-kon, turizm, urbanizatsiya va infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, ikki mamlakat biznes doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish