O‘zbekiston va Vengriya yuridik ta’lim sohasida tajriba almashishni kengaytiradi

Oktabr 02, 2026. 16:30 • 2 daq

• 104
O‘zbekiston va Vengriya yuridik ta’lim sohasida tajriba almashishni kengaytiradi

BUDAPЕSHT, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Lyudovika davlat xizmati universiteti vakillari o‘rtasida onlayn muzokara o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning Vengriyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda yuridik ta’lim va kadrlar malakasini oshirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilinib, amaliy kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, Vengriyadagi yetakchi mutaxassislarni institut ta’lim jarayonlariga jalb qilish, o‘z navbatida, institut delegatsiyasining Budapeshtga tashrifini tashkil etib, mamlakatning tegishli ta’lim va davlat muassasalarida kasbiy stajirovka hamda tajriba almashishini yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.

Lyudovika davlat xizmati universiteti Vengriyaning davlat xizmati uchun kadrlar tayyorlash sohasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet davlat boshqaruvi, huquq, xalqaro munosabatlar, huquqni muhofaza qilish, xavfsizlik va mudofaa yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlaydi.

Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida yuridik ta’lim sohasidagi professional aloqalarni kengaytirish, ilg‘or tajriba va bilim almashinuvini kuchaytirish hamda yuridik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimida xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish