Logo

YUNESKOning taʼlim platformasiga ulanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi

Aprel 24, 2026. 15:25 • 2 daq

115
YUNESKOning taʼlim platformasiga ulanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi

PARIJ, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi vakillari va YUNESKOning Davlat raqamli taʼlim platformasi jamoasi o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning YUNESKOdagi doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda YUNESKO tomonidan dastur rahbarlari Mark Vest va Alina Kirillina ishtirok etdi. Tomonlar taʼlimni raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari hamda O‘zbekistonning ushbu platformaga ulanishi istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv davomida YUNESKO vakillari loyiha mazmuni va amaliy mexanizmlari, xususan, tashabbus davlat taʼlimining raqamli va onlayn muhitda to‘laqonli mavjudligini taʼminlashi hamda bepul va sifatli raqamli taʼlim kontentidan foydalanishni osonlashtirishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, tashkilot O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, xususan, maktabgacha va maktab taʼlimi tizimini rivojlantirishda erishilgan yutuqlarni yuqori baholadi. Mamlakatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, raqamli yechimlarni ilgari surish va zamonaviy taʼlim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish mumkinligi taʼkidlandi.

Muzokaralar yakunida tomonlar taʼlimni raqamlashtirish sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida YUNESKOning mazkur tashabbusi doirasida hamkorlik o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.

YUNESKOning Davlat raqamli taʼlim platformasi (Gateways to Public Digital Learning) – bu YUNESKO va YUNISEF hamkorligida amalga oshirilayotgan global tashabbus bo‘lib, mamlakatlarga ommabop raqamli taʼlim platformalarini yaratish va takomillashtirishga ko‘maklashuvchi dastur hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish