YUNESKOda O‘zbekiston ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Mart 14, 2026. 11:00 • 2 daq
• 175
PARIJ, 29-mart. /“Dunyo” AA/. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomov YUNESKO bosh qarorgohida tashkilot vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Ijtimoiy-gumanitar fanlar sektori rahbarlari, O‘zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakolatxonasi xodimlari hamda “Ipak yo‘li” dasturi rahbarlari ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti o‘tkazildi. Markaz mamlakatda xalqaro miqyosda ilmiy-maʼrifiy va madaniy faoliyatni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar taqdim etishi taʼkidlandi.
Shuningdek, media savodxonlik, raqamli maydonda hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash, adovat tiliga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi. “Ipak yo‘li” dasturi doirasida qo‘lyozmalar, xattotlik va raqamli gumanitar loyihalarni o‘rganish bo‘yicha ham fikr almashildi.
Tashkilot Sektorining Ijro etuvchi ofisi boshlig‘i Mariagratsiya Skvichcharini YUNESKO O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro miqyosda tan olinishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish va uning amaliy shakllarini ishlab chiqishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi