O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida kasbiy taʼlim yo‘nalishida qo‘shma dasturlar ishlab chiqiladi
Avgust 11, 2026. 10:00 • 2 daq
• 164
GUANCHJOU, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Professional taʼlim agentligi, Andijon viloyatidagi 3- va 4-sonli texnikumlar hamda Guandun politexnika fan va texnika kolleji vakillari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yurtimizning Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqot davomida tomonlar xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish masalalarini muhokama qildi.
Guandun politexnika fan va texnika kolleji vakillari O‘zbekiston texnikumlarida robototexnika, sunʼiy intellekt va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha mahorat darslarini o‘tkazish, Andijon viloyatidagi 4-sonli texnikum bilan hamkorlik shartnomasini imzolashdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Tomonlar “Uzbekistan–China” raqamli platformasini yaratish orqali “Foreign Language + Vocational Skills” (xorijiy til + kasbiy ko‘nikmalar) modelini rivojlantirish, mahalliy texnikumlarda Xitoy kollejining kasbiy standartlari, o‘quv dasturlari va materiallarini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.
Xitoy tomonining O‘zbekistonga sentyabr oyida tashkil etiladigan tashrifi doirasida kompyuter muhandisligi va texnologiyalari, sunʼiy intellekt, biznes va amaliy xorijiy tillar bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi