O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Avgust 11, 2026. 14:00 • 2 daq

88
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

MINSK, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Nuriddin Mamajonov Belarus Milliy majlisi Vakillar palatasi raisi Igor Sergeyenko bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston-Belarus savdo-iqtisodiy aloqalar, “Vitebsk – Andijon” misolida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, boshqa viloyatlarning o‘zaro harakatlar rejalarini hamda sanoat kooperatsiyasi loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildilar.

Shuningdek, Igor Sergeyenko Vitebsk oblastida mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish hamda qo‘shma loyihalarning sifatli ijrosini taʼminlash masalalarida har qanday zarur ko‘makni berishga tayyorligini bildirdi.

Vakillar palatasi raisining so‘zlariga ko‘ra, savdo-iqtisodiy sohada belgilangan strategik maqsadlarga, jumladan, o‘zaro savdo aylanmasi hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasi va o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga hududlararo aloqalar bilan bir qatorda, MDH doirasidagi iqtisodiy mexanizmlardan keng foydalanish ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada u O‘zbekistonning MDH doirasidagi erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvga qo‘shilganini yuqori baholadi va olqishladi.

Bundan tashqari, muloqot chog‘ida madaniy-gumanitar va turizm sohalarida ham foydalanilmagan keng imkoniyatlar mavjudligi eʼtirof etildi. Ushbu yo‘nalishda bir qator qo‘shma tadbirlarni, xususan, madaniyat kunlari, turistik forumlar hamda tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish