O‘zbekiston va Krasnoyarsk o‘lkasi hududlararo hamkorlikni kengaytirmoqda

Noyabr 16, 2026. 09:00 • 2 daq

• 102
O‘zbekiston va Krasnoyarsk o‘lkasi hududlararo hamkorlikni kengaytirmoqda

KRASNOYARSK, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsuli Aslam Akbarov Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Mixail Kotyukov bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat chog‘ida tomonlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, transport logistikasi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Gubernator O‘zbekiston va Rossiya hududlari III kengashi doirasida Farg‘onada bo‘lib o‘tgan “Sibir kunlari” tadbirini tashkil etish va o‘tkazishda ko‘rsatilgan ko‘mak uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekistondagi “Sibir kunlari” tadbirida Sibir federal okrugining oltita hududi, jumladan, Krasnoyarsk o‘lkasi ham ishtirok etdi. Tadbir yakunlari bo‘yicha hamkorlikka doir 18 ta hujjat imzolandi. Xususan, Krasnoyarsk o‘lkasi Farg‘ona, Surxondaryo va Namangan viloyatlari bilan hamkorlik va o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandumlar imzoladi.

Muzokaralarda transport qatnoviga alohida e’tibor qaratildi. 2026-yil boshidan buyon O‘zbekiston yo‘nalishidagi yo‘lovchilar oqimi 115 ming kishidan oshdi. Hozirda Krasnoyarskdan Toshkent va Namanganga muntazam reyslar amalga oshirilmoqda. Yaqin vaqt ichida Farg‘ona va Samarqand bilan aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yib, parvozlar geografiyasini kengaytirish rejalashtirilgan. Gubernator ushbu yo‘nalishlar sayyohlar uchun keng imkoniyatlar yaratayotganini qayd etdi.

Shuningdek, tomonlar madaniy-gumanitar va sport sohalari, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi hamda chorvachilikda hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Muzokaralar yakunida Krasnoyarsk o‘lkasi hamda Surxondaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlari delegatsiyalari va biznes-missiyalarining 2027-yilning birinchi yarmiga mo‘ljallangan o‘zaro tashriflari rejasi ko‘rib chiqildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish