Toshkent viloyatida Yaponiyaning kardiojarrohlik va reabilitatsiya klinikasini ochish rejalashtirilmoqda
Noyabr 14, 2026. 10:00 • 2 daq
• 192TOKIO, 14-noyabr. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyatida Yaponiyaning “Kitahara Medical Strategies International” kompaniyasining kardiojarrohlik, nefrologiya va reabilitatsiyaga ixtisoslashgan xususiy klinikasi barpo etish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tibbiyot sohasidagi hamkorlik istiqbollari Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning Yaponiyaga tashrifi chog‘ida muhokama qilindi.
Delegatsiya “Kitahara Medical Strategies International” tibbiyot muassasasiga tashrif buyurib, zamonaviy tibbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, malakali kadrlar tayyorlash, neyroreabilitatsiya va bemorlarni uzluksiz parvarishlash tizimi bo‘yicha Yaponiya tajribasi bilan tanishdi.
Tashrif doirasida kompaniya prezidenti Shigemi Kitaxara bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar Toshkent viloyatida zamonaviy tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirish, aholining yuqori texnologiyali tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda Yaponiya amaliyotini hududiy sog‘liqni saqlash tizimiga tatbiq etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Muzokaralar davomida kardiojarrohlik, nefrologiya va reabilitatsiya yo‘nalishlariga ixtisoslashgan xususiy klinika qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur loyiha amalga oshirilsa, u kompaniyaning O‘zbekistondagi ikkinchi tibbiyot muassasasi bo‘ladi. Birinchi muassasani Toshkent shahrida bunyod etish rejalashtirilgan.
Tomonlar viloyatda insultni boshdan kechirgan bemorlar uchun ixtisoslashtirilgan neyroreabilitatsiya markazini tashkil etishga alohida e’tibor qaratdi. Yaponiya tomoni markazning faoliyat modeli va klinik protokollarini ishlab chiqish, mahalliy tibbiyot mutaxassislarining malakasini oshirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
“Kitahara Medical Strategies International” kompaniyasi 1995-yilda Tokio prefekturasining Hachioji shahrida tashkil etilgan bo‘lib, “Kitahara” tibbiyot guruhi tarkibiga kiradi. Mazkur guruh bosh miya va yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini davolash, neyrojarrohlik hamda reabilitatsiyaga ixtisoslashgan.
Hozirda Yaponiyada guruhning to‘rtta tibbiyot muassasasi, jumladan, 100 o‘rinli “Kitahara” xalqaro shifoxonasi va 94 o‘rinli reabilitatsiya shifoxonasi faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, guruh Kambodja, Vetnam va Laosda ham o‘z tibbiyot muassasalariga ega.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

