Nyu-Yorkda “AQSH va turkiy respublikalar biznes alyansi” o‘z faoliyatini boshladi
May 16, 2026. 15:30 • 2 daq
• 86
NYU-YORK, 16-may. /“Dunyo” AA/. Nyu-Yorkda AQSH, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtiruvchi yangi ishbilarmonlik platformasi – “AQSH va turkiy respublikalar biznes alyansi” (American - Turkic Republics Business Alliance) ro‘yxatdan o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Alyans faoliyatida O‘zbekiston tomonini vatandoshimiz, Amerikaning “New York Life Insurance Company” sug‘urta kompaniyasining yetakchi xodimlaridan biri Dilshodjon Rahmonov vakil sifatida qatnashmoqda.
Tashkilot vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Alyansning asosiy maqsadi turkiy davlatlar va AQSH tadbirkorlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, sarmoyaviy va tijorat loyihalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Mazkur tuzilma Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkorlariga hamkorlar topish, AQSH ishbilarmon doiralari bilan aloqalar o‘rnatish, muzokaralarni yuritish va istiqbolli loyihalarni Amerika bozoriga olib chiqishda ko‘mak ko‘rsatishni maqsad qilgan.
Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda Alyans ishtirokchi mamlakatlarning turli darajadagi 500 ga yaqin kompaniyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Kelajakda tarmoqni kengaytirish va barqaror xalqaro biznes platformasini shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.
Mamlakatimizning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun sohaviy uchrashuvlar tashkil etish, amerikalik va xorijiy sheriklar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish hamda qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni ilgari surish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Alyans vakillarining qayd etishicha, mazkur platformani yaratish tashabbusi turkiy davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning faollashuvi hamda mintaqa mamlakatlari rahbarlari o‘rtasidagi oliy darajadagi aloqalarning mustahkamlanishi zaminida yuzaga kelgan. Ularning fikricha, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning izchil rivojlanishi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratmoqda.
O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi Alyans vakillari bilan konstruktiv ishchi aloqalarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda hamda iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va vatandoshlarning tadbirkorlik manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash niyatida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Toshkent viloyati Ispaniya hududlari bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda



