Varshavada O‘zbekiston ishtirokida Osiyo to‘qimachiligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkaziladi

Iyun 08, 2026. 13:55 • 2 daq

221
Varshavada O‘zbekiston ishtirokida Osiyo to‘qimachiligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkaziladi

VARSHAVA, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Amirsaid A’zamxo‘jayev Varshavadagi Osiyo va Tinch okeani muzeyi direktori, doktor Yuzef Zalevskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda joriy yilning 26-noyabr kuni mazkur muzeyda ochilishi rejalashtirilgan “Osiyo ikat matolari: rang chegaralari” xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Muzey vakillarining ma’lum qilishicha, ekspozitsiya Osiyo mamlakatlarining ikat to‘qimachilik an’analariga bag‘ishlanib, unda o‘zbek milliy matolari, an’anaviy to‘qimachilik san’ati namunalari, choponlar, shuningdek, zamonaviy dizayn ishlari o‘rin oladi.

Muassasa rahbariyati O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan, o‘zbek ikatlari, milliy liboslari va mamlakatimiz dizaynerlarining zamonaviy kolleksiyalari namoyish etiladigan alohida bo‘lim yaratishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston moda va amaliy san’at sohasi vakillari ishtirokida taqdimotlar, mahorat darslari va madaniy tadbirlar tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Ko‘rgazma tashkilotchilari tadbirni O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi homiyligida o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi hamda ekspozitsiyani to‘ldirish uchun o‘zbek dizaynerlarining zamonaviy liboslaridan bir nechta namuna taqdim etishda ko‘maklashishni so‘radi.

Ta’kidlanishicha, ko‘rgazma doirasida 27–29-noyabr kunlari boy madaniy dastur, 2027-yil 12–13-mart kunlari esa mintaqa mamlakatlarining to‘qimachilik merosini o‘rganish va ommalashtirishga bag‘ishlangan “Osiyo ranglari. Osiyo to‘qimachiligi bo‘yicha Polsha tadqiqotlari” nomli xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy to‘qimachilik an’analari, hunarmandchilik maktablari va zamonaviy dizayn san’ati yutuqlarini Polsha hamda boshqa Yevropa mamlakatlari keng jamoatchiligi orasida targ‘ib qilishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish