Sietlda sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida O‘zbekiston-AQSH hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi

Avgust 08, 2026. 12:30 • 2 daq

105
Sietlda sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida O‘zbekiston-AQSH hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi

SIETL, 8-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bosh konsuli Ahror Burxanov “Oracle Corporation” kompaniyasi vitse-prezidenti Jan Chian bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida sunʼiy intellekt, zamonaviy texnologiyalar va inson kapitalini rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi. Tomonlar “Oracle” va o‘zbek ishbilarmonlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Oracle” vakili O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakat iqtisodiyotining o‘sish surʼatlari, investitsiya muhiti hamda IT sohasiga katta qiziqish bildirdi.

O‘zbekiston aholisining katta qismini yoshlar tashkil etishi va ularning zamonaviy kasblarni egallashiga eʼtibor qaratilayotgani alohida taʼkidlandi. Suhbat chog‘ida “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” tashabbusi, IT-mutaxassislar tayyorlash, texnologik startaplarni rivojlantirish hamda mamlakatni Markaziy Osiyoning raqamli innovatsiyalar markaziga aylantirish bo‘yicha saʼy-harakatlar xususida alohida so‘z yuritildi.

Suhbatdosh O‘zbekistonda qisqa davr mobaynida amalga oshirilgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Uning fikricha, yosh va bilim olishga intilayotgan aholi, izchil islohotlar, davlat rahbariyatining siyosiy irodasi O‘zbekistonni xalqaro texnologik kompaniyalar uchun istiqbolli hamkorga aylantirmoqda.

Uchrashuvda sunʼiy intellektdan unumli foydalanish, mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish, robototexnika sohasidagi xalqaro aloqalarni kengaytirish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Tomonlar O‘zbekiston va “Oracle” o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni yana-da boyitish hamda manfaatdor tashkilotlar o‘rtasidagi muloqotni davom ettirishga kelishib oldi. Jan Chian O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni yaqindan o‘rganishga qiziqish bildirdi va mamlakatga tashrif buyurish niyati borligini taʼkidladi.

1977-yilda AQSHda tashkil etilgan “Oracle Corporation” maʼlumotlar bazalari, sunʼiy intellekt va korporativ dasturiy yechimlar bo‘yicha dunyoning yetakchi texnologik kompaniyalaridan biridir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish