Logo

MAGATE bilan hamkorlikda JIDU magistratura talabalari uchun onlayn seminar o‘tkazildi

Mart 21, 2026. 13:12 • 2 daq

102
MAGATE bilan hamkorlikda JIDU magistratura talabalari uchun onlayn seminar o‘tkazildi

VЕNA, 21 mart. /“Dunyo” AA/. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti (JIDU) hamkorligida onlayn seminar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbir xalqaro huquq yo‘nalishida tahsil olayotgan magistratura talabalari uchun sohaning o‘ziga xos jihatlarini o‘rganishda muhim platforma vazifasini o‘tadi.

Seminarda MAGATE eksperti Kristelle Drillat yadroviy huquqning asosiy tamoyillari, Agentlikning ushbu sohadagi global roli hamda yadroviy texnologiyalardan tinch maqsadlarda foydalanish va harbiy yo‘nalishlar o‘rtasidagi muvozanatni saqlash mexanizmlariga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, xalqaro shartnomalar tizimi va xavfsizlikni ta’minlovchi huquqiy kafolatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘zbekistonning Venadagi diplomatik vakolatxonasi vakillari o‘z chiqishlarida mamlakatimiz va MAGATE o‘rtasidagi izchil hamkorlik, milliy qonunchilikda yadroviy huquq normalarini takomillashtirish hamda xalqaro tashkilotlar bilan sheriklik istiqbollarini bayon etdi.

JIDU rahbariyati va professor-o‘qituvchilari yadroviy huquqning zamonaviy xalqaro xavfsizlik tizimidagi strategik ahamiyati haqida gapirib, bu kabi mashg‘ulotlar bo‘lajak diplomat va huquqshunoslarning professional malakasini oshirishda muhim ekanini ta’kidladi.

Muloqot yakunida talabalar yadroviy texnologiyalarning tinch maqsadlarda qo‘llanilishi va qurollarni tarqatmaslik rejimiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga MAGATE mutaxassisidan javob oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish