Londonda Navro‘z do‘stlik va birdamlik ramziga aylandi
Mart 21, 2026. 13:37 • 2 daq
• 49
LONDON, 21 mart. /"Dunyo" AA/. Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining London shahrida joylashgan bosh qarorgohdagi vatandoshlarimiz ishtirokida yangilanish va yasharish ramzi bo‘lgan Navro‘z bayrami keng nishonlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir doirasida o‘zbek xalqining boy madaniy merosini aks ettiruvchi chiqishlar, milliy kuy-qo‘shiqlar hamda an’anaviy urf-odatlar namoyishi tashkil etildi. Milliy madaniyat namunalari xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bank prezidenti Odil Reno-Basso tadbirda so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarni Navro‘z bayrami munosabati bilan samimiy tabrikladi. U o‘z nutqida ushbu qadimiy bayram insonlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Qayd etilishicha, mazkur moliya institutida Navro‘z bayramini nishonlash an’anaviy tus olgan bo‘lib, har yili ko‘tarinki ruhda o‘tkaziladi. Bu esa turli millat vakillarini birlashtirish, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari Navro‘z nafaqat tabiatning uyg‘onishini, balki inson qalbida ezgulik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi fazilatlarni yanada mustahkamlashini ta’kidladilar. Shu kabi madaniy tadbirlar milliy an’analarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va yosh avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi