O‘zbekiston delegatsiyasi Hindistonda bo‘lib o‘tgan xotin-qizlar yetakchiligi bo‘yicha xalqaro dasturda gender o‘zgarishlar bo‘yicha milliy tajribani taqdim etdi
Mart 21, 2026. 14:27 • 2 daq
• 116
LAKNAU, 21-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasi Hindistonning Laknau shahridagi Qishloq hududlarini rivojlantirish bank institutida (Bankers Institute of Rural Development - BIRD) bo‘lib o‘tgan xotin-qizlar yetakchiligini rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro dasturda faol ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish hamda gender siyosatining samarali mexanizmlarini joriy etish sohasida tajriba almashish uchun turli mamlakatlar vakillarini birlashtirdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari dastur doirasida mamlakatimiz Prezidenti rahnamoligida jamiyat hayotida xotin-qizlarning rolini oshirish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlarga bag‘ishlangan keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi.
Gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun qulay shart-sharoitlar va keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan tizimli ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonning xotin-qizlar o‘zligini namoyon etishi uchun qulay muhit yaratish borasidagi tajribasi xorijiy ekspertlar va dastur ishtirokchilarida jonli qiziqish uyg‘otdi. Ekspertlar O‘zbekiston rivojlanish modelining izchilligi va natijadorligini alohida qayd etdi.
Delegatsiya tashrifi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan strategik sheriklikning yana bir tasdig‘i bo‘ldi. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Xotin-qizlar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi o‘zaro hamkorlik istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu dasturdagi ishtiroki mamlakatimizning barqaror rivojlanish maqsadlari va inklyuzivlik tamoyillariga sodiqligining yana bir isboti bo‘ldi. Zero xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraladi.
Bankers Institute of Rural Development Hindistonning qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish, moliyaviy inklyuzivlik va fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini kengaytirish, jumladan, ayollar yetakchiligi bo‘yicha dasturlarga ixtisoslashgan yetakchi institutidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi