Pokistonlik yosh sportchilar uchun O‘zbekistonda xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etildi
Avgust 09, 2026. 10:30 • 2 daq
• 196TOSHKENT, 9-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Pokistonning yosh sportchilarni tarbiyalashga ixtisoslashgan “Aitchison College” taʼlim muassasasi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tashrif O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 5-6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida imzolangan Sport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ijrosi doirasida uyushtirildi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad pokistonlik yosh sportchilarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati bilan yaqindan tanishtirish, yoshlarning taʼlim olishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni namoyish etish, ikki mamlakat yosh sportchilari o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, birgalikda o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etish hamda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida sport diplomatiyasini samarali rivojlantirishdan iborat.
Safar doirasida pokistonlik sport mutaxassislari, murabbiylar va yosh atletlar O‘zbekistonning sport sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganmoqda, o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarida ishtirok etmoqda. Shuningdek, ular mamlakatimiz yoshlari bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qator uchrashuv va tadbirlarda qatnashyapti.
Xususan, mehmonlar Toshkent viloyatidagi Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, delegatsiyaning Chirchiq shahar hokimligi, Toshkent viloyati sport boshqarmasi hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rahbariyati bilan uchrashuvlari tashkil etildi.
Uchrashuvda Pokistonda O‘zbekistonning ilg‘or tajribasi asosida sport taʼlimi tizimini takomillashtirish, ikki mamlakat o‘rtasida sport sohasidagi institutsional hamkorlikni kengaytirish, yosh sportchilar va murabbiylar o‘rtasida muntazam tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda sport tadbirlarini tashkil etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, pokistonlik yosh sportchilar Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan Toshkent shahrida barpo etilgan Olimpiya shaharchasi imkoniyatlari bilan tanishdi. Olimpiya shaharchasida bunyod etilgan, xalqaro talablarga mos zamonaviy sport inshootlari Pokiston tomoniga katta taassurot qoldirdi.
Tashrif doirasida, shuningdek, O‘zbekiston va Pokiston yosh basketbolchilari ishtirokida o‘rtoqlik uchrashuvi ham o‘tkazildi.
Pokistonlik yosh sportchilarning O‘zbekistonga safari 11-avgustga qadar davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





