O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari uchun ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus markaz ochiladi

Iyun 12, 2026. 20:30 • 2 daq

128
O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari uchun ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus markaz ochiladi

LONDON, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. Samarqanddagi “Meros Pharm” kompaniyasi hamda Buyuk Britaniyaning “Specialist Language Courses (SLC)” tashkiloti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur kelishuv doirasida O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika sohalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning ingliz tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, malaka oshirish kurslari hamda maxsus treninglarni tashkil etish nazarda tutilgan.

Tadbir davomida Buyuk Britaniya Biznes va savdo vazirligining Sog‘liqni saqlash bo‘yicha hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Devid Sheppard bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida britaniyalik vakil O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yuqori baholab, ushbu jarayonlarga Buyuk Britaniyaning yetakchi kompaniyalari, universitetlari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari katta hissa qo‘shishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Imzolangan mazkur hujjat O‘zbekiston va Buyuk Britaniya tashkilotlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, tibbiy ta’lim va farmatsevtika sohalaridagi sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

“Specialist Language Courses (SLC)” Buyuk Britaniyada joylashgan nufuzli ta’lim tashkiloti bo‘lib, tibbiyot sohasiga ixtisoslashtirilgan ingliz tili ta’limi yo‘nalishida dunyo bo‘ylab shifokorlar, hamshiralar, farmatsevtlar hamda pedagoglarga xizmat ko‘rsatadi. Ushbu xalqaro tashkilot taklif etadigan dasturlardan bugungi kunda dunyoning 75 dan ortiq mamlakatidagi tibbiyot oliygohlari, hamshiralik kollejlari va sog‘liqni saqlash muassasalari keng foydalanib kelmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish