Toshkentda O‘zbekiston–Shvetsiya hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Iyun 12, 2026. 18:00 • 2 daq
• 99TOSHKЕNT, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Diana Yanse boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar qiladi “Dunyo” AA muxbiri.
Tashqi ishlar, Investitsiyalar, Sanoat va savdo, Sog‘liqni saqlash, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirliklari hamda Migratsiya, Texnik jihatdan tartibga solish va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentliklarida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, migratsiya, ta’lim, innovatsiya, sanoat va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Parlamentlararo muloqotni kengaytirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, Shvetsiya kompaniyalari ishtirokida O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida kooperatsiyani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar tog‘-kon sanoati, energetika, raqamli texnologiyalar, farmatsevtika va to‘qimachilik sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, “yashil” iqtisodiyot va barqaror rivojlanish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Migratsiya sohasida xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini rivojlantirish, ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish hamda konsullik xizmatlarini takomillashtirish muhimligi qayd etildi.
Tashrif doirasida delegatsiya “TechnoPark”, “IT Park”, “Pharma Park” texnoparklariga tashrif buyurdi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot, sanoatni modernizatsiya qilish va yuqori texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha migratsiya va mobillik sohasidagi keng sheriklik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, qonuniy migratsiya va akademik almashinuvni soddalashtirish bo‘yicha tajriba dasturini ishga tushirish haqidagi qo‘shma deklaratsiya hamda barqaror tog‘-kon sanoati sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





