O‘zbekistonda Britaniya tajribasi asosida professional ta’limni takomillashtirish rejalashtirilmoqda

Oktabr 21, 2026. 15:00 • 2 daq

• 109
O‘zbekistonda Britaniya tajribasi asosida professional ta’limni takomillashtirish rejalashtirilmoqda

LONDON, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Buyuk Britaniyaning “VTCT Skills” tashkiloti xalqaro rivojlanish bo‘yicha direktori Styuart Skinner bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

1962-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “VTCT Skills” professional va texnik ta’lim, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda amaliy ko‘nikmalarni baholab, malaka sertifikatlarini berishga ixtisoslashgan Britaniya tashkiloti hisoblanadi. 

Ushbu tashkilot 17 dan ziyod kasbiy yo‘nalishda ish olib boradi. Tashkilotning ta’lim tarmog‘i butun dunyo bo‘ylab 3 mingdan ortiq o‘quv markazlarini birlashtirgan bo‘lib, ularda har yili 120 mingdan ziyod kishi tahsil oladi.

Tashkilot kosmetologiya va go‘zallik sanoati, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy parvarish, maktabgacha ta’lim, sport va fitnes, biznes, buxgalteriya hisobi va moliya, logistika, mehmonxona ishi hamda umumiy ovqatlanish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan. “VTCT Skills”ning xalqaro hamkorligi Hindiston, Gonkong, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Irlandiya, Janubiy Afrika va Singapurdagi qo‘shma loyihalarni o‘z ichiga oladi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston texnikumlarida zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish, o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va kasbiy kompetensiyalarni xalqaro standartlarga muvofiq baholash masalalarini muhokama qildi. Ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro tajribani o‘rganish, kasbiy tayyorgarlik dasturlarini takomillashtirish va bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni kengaytirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish va O‘zbekiston professional ta’lim tizimiga ilg‘or xalqaro tajribani yanada keng joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish