Yirik Polsha kompaniyalari O‘zbekistonda go‘sht sanoatida hamkorlik masalasini muhokama qildi
Aprel 26, 2026. 14:00 • 2 daq
• 49VARSHAVA, 26-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Polshaning yirik kompaniyalaridan iborat delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya tarkibiga go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalar – “Polryb” va “Biernacki”, “Dino” savdo tarmog‘i vakillari kirdi.
Tashrif davomida mehmonlar O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, “Korzinka” va “Makro” savdo tarmoqlari hamda mahalliy go‘sht ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalar – “Rozmetov” va “To‘xtaniyoz ota” kompaniyalarida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar jarayonida oziq-ovqat mahsulotlari savdosini kengaytirish va kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Mutaxassislar malakasini oshirish, tajriba almashish, mahsulotlarni qayta ishlash va saqlashda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda mahalliy mahsulotlarni Yevropa bozoriga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“Makro” savdo tarmog‘i vakillari O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etishda polshalik hamkorlarga amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Tomonlar, investitsiya imkoniyatlari va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalarini ham muhokama qildi.
Uchrashuvlar yakunida ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish, tajriba almashish va kelgusida hamkorlik shartnomalarini imzolash maqsadida “Makro” vakillarining Polshaga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi






